Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning talaba yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Albatta, saylovda faol ishtirok etish, munosib nomzod sifatida o‘z saylovoldi dasturida ilgari surgan g‘oya va maqsadlarni saylovchilarga yetkazish dolzarb vazifa bo‘lib, bu nomzodlar va partiya vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Uchrashuv avvalida oliy o‘quv yurti hududida partiyaning targ‘ibot punkti tashkil etilib, yosh saylovchilarga atroflicha ma’lumotlar berildi va targ‘ibot materiallari taqdim etildi.
Partiyaning Nukus shahar Kengashi raisi Bahodir Juzbayev so‘zga chiqib, “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari” deb nomlangan 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturining mazmun va mohiyati, maqsad va vazifalari tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi. Shundan so‘ng nomzodlarning saylovoldi dasturidagi muhim va dolzarb masalalar tanishtirildi.
– Dasturimizda huquqiy davlat barpo etish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish kabi 9 ta yo‘nalishda qator vazifalarni belgilab olganmiz, – deydi Oliy Majlis qonunchilik palatasiga nomzod Shahzoda Abdiramanova.
Tadbirda deputatlikka nomzodlar aholining farovon hayoti, fuqarolarning sifatli ta’lim, malakali tibbiyotdan bahramand bo‘lishi, muhimi ertangi kun rivoji uchun qator maqsadlar va istiqbolli vazifalar mohiyatini yosh saylovchilariga batafsil tushuntirdi.
Ochiq muloqot jarayonida yoshlarning dolzarb muammolari muhokama qilinib, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Saylovchilar partiya nomzodlari haqida batafsil ma’lumot olish bilan birga, ularning hayotiy muammolarni hal qilishdagi rejalarini ham bilib olish imkoniga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.