Nukusdagi Yoshlar markazida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida  amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yangilanishlar, erishilayotgan ijobiy natijalar hamda ushbu jarayonlarni amalga oshirishda inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganligiga to‘xtaldi. Shuningdek, agrar sohani yanada yuksak darajada rivojlanishi, aholini sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash hamda qishloqlarda istiqomat qiladigan hamyurtlarimiz turmush tarzini  yanada yaxshilash, farovonligini oshirishda salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan qishloq ayollarining matonati  va irodasi tahsinga loyiq ekanligi e’tirof etildi.

– Qishloqda yashab, halol mehnat qilib kelayotgan ayollarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘rsatish, ularning takliflarini o‘rganib,  muammolarini ijobiy hal etishga e’tibor qaratish, faol va tashabbuskor ayollarni munosib rag‘batlantirish bugungi kunda juda muhim masala, – deydi O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi M.Abdukarimova. – Samimiy va sodda,  fidoyilik timsoli bo‘lgan, qishloqlarimiz obodligi, xonadonimiz dasturxonining  to‘kin-sochin bo‘lishiga ezgu hissa qo‘shib kelayotgan qishloq ayollari har doim hurmat va e’zozda.

Tadbir davomida bayram munosabati bilan qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p yillardan beri samarali faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlar hamda filialning bir guruh xotin-qizlari O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan  tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari  bilan taqdirlandi.

Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.