Bugun Toshkentdagi “Renessans Hall” majmuasida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Saylovlar demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va yangilangan Konstitutsiyani amalda tatbiq etishning yangi bosqichi sifatida” mavzusida ekspertlar muhokamasi bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat organlari mas’ullari, xalqaro ekspertlar va huquqshunoslar, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekistondagi demokratik islohotlarning yangi bosqichi doirasida saylovlarning ahamiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar va ularning amaldagi samaradorligi muhokama markazida bo‘ldi. “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslangan huquqiy islohotlarning mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil qat’iy qilib belgilangani, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirilgani, inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi mustahkamlangani, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilangani hamda ularning xalqaro huquq normalariga to‘liq hamohangligi qayd etildi.

Ayni paytda mavzu yuzasidan muhokamalar sessiya ishi tarzida davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida tadqiqot va tahliliy markazlar, biznes hamjamiyat, vazirlik va idoralar tomonidan 300 dan ortiq xorijiy hamkorlar bilan birgalikda 50 dan ziyod konferensiya, davra suhbatlari va amaliy muloqotlar tashkil etiladi.

 Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA