Rossiya va Ukraina o‘rtasida maxsus harbiy amaliyot chog‘i halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar jasadini almashish doimiy ravishda amalga oshirib kelinadi, dedi RF Inson huquqi bo‘yicha komissari Tatyana Moskalkova “RIA Novosti”ga.
“Har qanday holatda insonparvarlik masalasi bo‘lib qoladigan bu ish bilan harbiylar shug‘ullanmoqda, Mudofaa vazirligimiz va boshqa xizmatlar doimiy ravishda shu yo‘lda ishlayapti”, – degan u.
Eron urushga tayyormi?
Eron tinchlikka intiladi, lekin urushga tayyor va bundan qo‘rqmaydi, Tehron G‘azo sektori va Livanda tinchlik o‘rnatishga harakat qiladi, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Bag‘dodda iroqlik hamkasbi bilan birga o‘tkazgan matbuot anjumanida.
Stoltenberg Yaqin Sharq mojarosining asosiy muammosini ma’lum qildi
NATO sobiq Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Spiegel” nashriga intervyu berib, Yaqin Sharqdagi mojarodagi asosiy muammo mustaqil Falastin davlati yo‘qligi, dedi.
– Ko‘p vaqtdan beri asosiy muammo falastinliklar uchun davlat yo‘qligi bo‘lib kelmoqda, – dedi u. – Men ikki davlat yaratish qiyinligini tushunaman, lekin 7 oktyabr kuni Isroilga qarshi sodir etilgan harakatdan keyingi voqealar, bunday yechim muhimligini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
TD Bank – AQSH tarixida pul yuvganini tan olgan birinchi bank
AQSH Bosh prokurori Merrik Garland ma’lum qilishicha, Amerikadagi eng yirik 10 bankdan biri – “TD Bank” mamlakat tarixida birinchi bo‘lib pul yuvish maqsadida qonunni buzganini tan olgan.
– TD Bank AQSH tarixida Bank siri to‘g‘risidagi qonun dasturini buzish, shuningdek pul yuvish uchun fitna uyushtirishda ayblangan dastlabki yirik bank bo‘ldi, – dedi u jurnalistlarga.
Garland aytishicha, yetkazilgan zararni qoplash uchun korporatsiya davlatga 3 milliard dollarga yaqin jarima va yana muayyan miqdorda tovon puli to‘laydi.
YeI Ukraina harbiylarini tayyorlash missiyasini uzaytirmoqchi
Ukraina harbiylarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv missiyasi yana ikki yilga uzaytiriladi, dedi YeI diplomatiyasi rahbari Xosep Borrel Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda.
Avgust oyida YeI mudofaa vazirliklari rahbarlari Bryusseldagi norasmiy yig‘ilishda o‘quv missiyasi doirasida Ukraina harbiylarini tayyorlash limiti 60 mingdan 75 mingga oshirilishi yuzasidan qaror chiqarilgandi.
Isroil Eronga hujum usuli va vaqti kelishilganini ma’lum qildi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Galant boshqa vazirlar bilan xavfsizlik bo‘yicha maslahatlashuvda Eronga javob hujumining usuli va vaqti to‘g‘risida kelishib oldi. Faqat buning uchun Vazirlar Mahkamasining yakuniy roziligi talab qilinadi. Bu haqda davlatga qarashli “Kan” teleradiokompaniyasi xabar tarqatdi.
Maduro: Mask Venesueladagi davlat to‘ntarishiga urinish uchun
milliard dollar sarflagan
Prezident Nikolas Maduro amerikalik tadbirkor Ilon Mask Venesuelada davlat to‘ntarishiga urinishni moliyalashtirish uchun kamida milliard dollar sarflaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliarder Venesuelani boshqarish g‘oyasiga berilib ketgan. Xususan, mamlakatdagi tartibsizlik tadbirkor hisobidan moliyalashtirilgan.
“Ilon Mask Venesueladagi davlat to‘ntarishi, fashistik qo‘zg‘olon, saylov jarayoniga qarshi zo‘ravonlik uchun kamida bir milliard dollar sarmoya yo‘naltirdi”, dedi davlat rahbari “Maduro+ bilan” ko‘rsatuvida.
Venesuelada prezidentlik saylovi 28 iyulda bo‘lib o‘tgan.
S.Rahimov, O‘zA