O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 10-11 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Ashxobod shahrida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 11-oktyabr kuni turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligiga bagʻishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning oʻzaro bogʻliqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida forumning oʻtkazilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy maʼnaviy merosimizni butun dunyoga targʻib qilish yoʻlida ulkan amaliy qadam boʻlishini taʼkidladi.

Maxtumquli Firogʻiyning ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz sheʼriyatini, balki jahon adabiyotini ham boyitganligi qayd etildi.

Oʻzbekistonda Maxtumquli ijodi yuksak qadrlanadi. Shoir Xiva shahridagi Shergʻozixon madrasasida tahsil olib, dunyoviy va diniy ilmlarni oʻrgangan. U buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyni chuqur hurmat qilgan.

Joriy yilda Oʻzbekistonda Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligi keng nishonlanayotgani taʼkidlandi. Anjuman, seminar, adabiy kecha, tanlov, spektakllar va boshqa tadbirlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan shoir haqida hamkorlikda badiiy film suratga olindi.

Oʻzbekiston yetakchisi Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan eʼlon qilingan “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” doirasida kelgusi yili Ashxobod shahrida global sammit oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatladi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Oʻzbekiston Prezidentiga mazmunli nutq hamda Maxtumquli Firogʻiy xotirasini abadiylashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir nihoyasida forumning yakuniy hujjati qabul qilindi.

Shoir va mutafakkir Maxtumquli Firogʻiy yubileyiga bagʻishlangan xalqaro forum yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbariga “Maxtumquli Firogʻiyning 300-yilligi” esdalik medalini tantanali ravishda topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga tashrifi doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni shoir va mutafakkir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300-yilligiga bagʻishlangan xalqaro forum yuksak darajada oʻtkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.

Suhbatda Oʻzbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, koʻp qirrali hamkorlikni, ayniqsa siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash jadal oʻsayotgani, birgalikda chegaraoldi savdo hududi barpo etilayotgani, energetika, transport, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida hamkorlik kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol hududlarlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.

Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqdilar.

Boʻlajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisiga Maxtumqulining oʻzbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari toʻplamini sovgʻa qildi.

Xalqaro forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon bilan ham uchrashdi.

Oʻzbekiston bilan Eron oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalardagi faol aloqalar va samarali almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda.

Davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va tezkor amalga oshirish, Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Oʻzbekiston va Eron yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Aeroportda davlatimiz rahbarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qoʻydi.

OʻzA