Parij shahridagi mamlakatimiz elchixonasida O‘zbekistonning bo‘lajak parlamenti saylovlariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Fransiya parlamenti, ekspertlar, akademik doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashgan mazkur xalqaro tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Ushbu davra suhbati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida tashkil etildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Muloqot jarayonida 2017 yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati fransiyalik hamkorlar e’tiboriga havola qilindi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlangan “Uzbekistan’s Political Reforms and Elections – 2024” risolasi taqdim etilib, xorijlik ekspertlar mamlakatimizda amalga oshirilgan so‘nggi islohotlar, ularning ko‘lami hamda saylov jarayonlari bilan bog‘liq yangiliklar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari o‘z chiqishlarida mamlakatimizda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar, saylovoldi tashviqoti doirasida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida so‘zlab berishdi.

Xususan, bo‘lajak parlament saylovi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi asosida va saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga muvofiq o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.

Fransiya vakillari o‘z navbatida O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, ko‘p qirrali o‘zbek-fransuz hamkorligining turli jihatlariga to‘xtalib, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqea yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Ular tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash borasida erishilayotgan natijalar alohida e’tirof etildi.

Yakunda fransiyalik deputatlar parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga bo‘lajak safarga katta ishtiyoq bilan hozirlik ko‘rayotganliklarini ta’kidlab, mamlakatimiz saylov jarayonidagi yangiliklar bilan yana bir bor tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdilar.

A.RUSTAMOV, O‘zA