Germaniya Federativ Respublikasi ichki ishlar vaziri Nensi Fazer hukumat “islomiylik”ka qarshi kurashuvchi ishchi guruh tuzilganini e’lon qildi. Tuzilma, asosan, yoshlar ijtimoiy tarmoq orqali radikallashuvining oldini oladi. Mulozim aytishicha, radikallashuvni erta bosqichda aniqlash va muayyan xatarga qarshi turish uchun shunday qarorga kelingan.
Mamlakat IIV veb-saytida chiqqan bayonotda “Islomiylikning oldini olish bo‘yicha ishchi guruh” onlayn platformalarda yoshlarga ta’sir ko‘rsatayotgan radikallashtiruvchi vositalarni aniqlaydi, shunday holatlarga nisbatan chora ko‘radi.
– Yoshlarimizni muayyan ta’sirga tushib qolishdan himoya qilishimiz kerak, chunki ijtimoy tarmoqdagi yot g‘oyalar singdirilgan muloqotlarda jud ko‘p yoshlarni uchratyapmiz, – degan vazir. – Bu jarayonni erta bosqichda aniqlab, o‘g‘il-qizlarni xatarli yo‘ldan qaytarish zarur. Shuningdek, Nensi Fazer islomiy guruhlar ijtimoiy tarmoqdagi “WhatsApp”, “Telegram” va “TikTok” kabi manbalar orqali asosan yoshlar va aholining zaif qatlamiga ta’sir o‘tkazayotganini qo‘shimcha qilgan.
Vazir guruh ish boshlashini radikallashuvga qarshi kurash nuqtai nazaridan “muhim qadam” sifatida baholadi. Bir so‘z bilan aytganda, loyiha ehtiyot choralarini ko‘rish va tavsiyalar berish orqali faoliyat olib boradi. Guruh tarkibiga xavfsizlik idoralari, nodavlat tashkilotlar va ilmiy doiralardan to‘qqiz nafar ekspert kiritilgan. E’tiborlisi, hay’atning ba’zi a’zolari o‘tmishda Islom va musulmonlar haqida bahsli bayonotlari bilan tanilgan shaxslar.
Xususan, Myunster universiteti qoshidagi Islom dini ilohiyoti markazi rahbari Muhanad Xorxide Avstriyada hijob o‘rashni taqiqlash, ayrim masjidlarni yopish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Bu voqea bir vaqtlar juda ko‘p tanqidga sabab bo‘lgan edi.
Qayd etish joiz, ishchi guruh Zolingen shahrida sodir etilgan terror harakatidan keyin hukumat tomonidan xavfsizlik choralari majmuasi doirasida tashkil etildi. Yodingizda bo‘lsa, avgust oyida ushbu shahar tashkil etilganining 650 yilligi nishonlanayotganda Suriyadan kelgan shaxs mehmonlarga pichoq bilan hujum qilgan. O‘shanda uch kishi terakt qurboniga aylanib, sakkiz kishi jarohatlangan edi.
Guruh shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish maqsadida qurol-yaroq, boshpana va yashash bilan bog‘liq holatlarni ham o‘rganadi.
K.Bekjonov, O‘zA