Londonda davom etayotgan “Global Chess League “Tech Mahindra” turnirining ikkinchi tur musobaqalarining deyarli teng yarmi ortda qoldi. Oltita jamoa bir-biri bilan kamida bir martadan to‘qnash keldi.

Beshta uchrashuvning barchasida g‘alabaga erishgan Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “PBG Alaskan Knights” jamoasi 15 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib bormoqda. Javohir Sindorov jamoasi bo‘lgan “Triveni Continental Kings” 9 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.

Kecha o‘tkazilgan o‘yinlarda jamoa sardori Anish Giri “Alpine SG Pipers” sardori Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergan vaziyatda Nodirbek Abdusattorov Pragnanandxa Rameshbabuni taslim qildi va jamoasining g‘alaba qozonishiga munosib hissa qo‘shdi.

Javohir Sindorov “Triveni Continental Kings” safida “upGrad Mumba Masters” vakili bilan murosa yo‘lini tanladi.

Bugun, 7 okyabr kuni nufuzli musobaqaning navbatdagi bahslarida “Triveni Continental Kings” – “upGrad Mumba Masters”, “PBG Alaskan Knights” – “Alpine SG Pipers”,  “Ganges Grandmasters” – “American Gambits” kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat “Global Chess League “Tech Mahindra” turniri 12 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA