Joriy yilning 10 oktyabr kuni Osiyo qit’asida futbol bo‘yicha Jahon chempionati 3-saralash bosqichining uchinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur tur oldidan “A”, “B” va “C” guruhlaridagi vaziyat haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Dastavval O‘zbekiston terma jamoasi joy olgan “A” guruhidagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tamiz. Ayni damda ushbu guruhda O‘zbekiston va Eron terma jamoalari 6 ochko jamg‘argan holda guruhning birinchi va ikkinchi o‘rinlaridan joy olgan bo‘lsa, BAA 3 ochko bilan uchinchi pog‘onada bormoqda. KXDR va Qatar termalari 1 ochkodan jamg‘arib, 4-5-o‘ringa joylashgan. Qirg‘iziston terma jamoasi ikki mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada qolmoqda.

10 oktyabr kuni “A” guruhining 3-turida O‘zbekiston – Eron, Qatar – Qirg‘iziston, BAA – KXDR terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Shu o‘rinda, 3-turdagi raqibimiz Eron termasi bilan o‘tkazilgan o‘yinlar tarixiga qisqacha nazar tashlab o‘tishni lozim ko‘rdik. O‘zbekiston va Eron terma jamoalari jami 14 marotaba to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning faqatgina bittasida g‘alaba qozonganmiz. 3 durang qayd etilgan bo‘lsa, boshqa uchrashuvlarda imkoniyatni boy berib qo‘yganmiz.

2026 yilgi Jahon chempionati Osiyo qit’asi uchun o‘tgan saralash bahslari ikkinchi bosqichida 2 ta uchrashuvda terma jamoamiz Eron bilan durang natija qayd etdi. O‘yin borasida ham futbolchilarimiz ancha ustunlikka ega bo‘ldi.

Umid qilamizki, 10 oktyabr kuni soat 19:00da “Bunyodkor” stadionida o‘tadigan O‘zbekiston va Eron bahsida futbolchilarimiz uzoq kutilgan g‘alabaga erishadi va guruhda yaqqol peshqadamga aylanadi.

“B” guruhida o‘tgan ikki tur natijasiga ko‘ra, Iordaniya, Janubiy Koreya va Iroq 4 ochko jamg‘argan holda kuchli uchlikka joylashdi. Ikki turda durang o‘ynagan Quvayt 4, Falastin esa 1 ochko bilan 5-pog‘onadan o‘rin oldi. O‘mon esa hali birorta ham ochko to‘play olmadi.

Ushbu guruhdagi uchinchi tur doirasida Iordaniya – Janubiy Koreya, O‘mon – Quvayt, Iroq – Falastin terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur uchrashuvlar natijasidan so‘ng bu guruhda ham peshqadamlar saralanadi.

“C” guruhida Yaponiya terma jamoasi 6 ochko bilan guruhda karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni 4 ochko bilan uning ortidan bormoqda. Bahrayn termasi 3 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. Indoneziya 2 ochko jamg‘arib, 4-pog‘onani egalladi. Avstraliya hisobida bir ochko mavjud va ushbu jamoa 5-o‘rindan joy olgan. Xitoy terma jamoasida ochko yo‘q.

Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 3-turida bu guruhda Saudiya Arabistoni – Yaponiya, Avstraliya – Xitoy, Bahrayn – Indoneziya termalari o‘zaro raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA