Bugun, 6 oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida davom etayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining so‘nggi kunida jamoaviy bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Unda dzyudo bo‘yicha dunyoning eng kuchli 15 ta milliy terma jamoasi g‘oliblik uchun kurashadi. Musobaqalar aralash jamoaviy tarzda tashkil etiladi. O‘g‘il bolalar -73, -90, +90 kilogrammda, qizlar -57, -70 va +70 kilo og‘irlikda bellashadi.

67 mamlakatdan 531 nafar dzyudochi qatnashgan chempionat yakkalik bellashuvlarining oxirgi kunida o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi -100 kilogramm vaznda Muhammadsodiq Sodiqov oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Mahoratli dzyudochimiz g‘oliblik yo‘lida germaniyalik Yannis Bashin, tojikistonlik Muhsin Malayev, ruminiyalik Rares Arseni, ozarbayjonlik Ajdar Bagirovni mag‘lubiyatga uchratdi. Jahon chempionligi uchun kurashda esa yaponiyalik Nozomu Mikini dog‘da qoldirdi va Dushanbe sport maydonida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, madhimiz baralla yangrashini ta’minladi.

O‘zbekiston terma jamoasi uch kunlik bellashuvlar yakuniga ko‘ra, 1 ta oltin, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rindan joy oldi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA