Londonda o‘tayotgan “Global Chess League “Tech Mahindra”ning ikkinchi tur musobaqalari dastlabki o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Musobaqa dasturiga binoan turnirda ishtirok etayotgan oltita jamoa uchta juftlikda kuch sinashdi.

Nodirbek Abdusattorov dona surayotgan “PBG Alaskan Knights” jamoasi ilk turda Javohir Sindorov a’zo bo‘lgan “Triveni Continental Kings” bilan kuch sinashdi. Murakkab kechgan bahsda Abdusattorov jamoasi 4,5-1,5 hisobida g‘alabaga erishdi.

Uchrashuvda “PBG Alaskan Knights” sardori Anish Giri “Triveni Continental Kings” yetakchisi Alireza Firuzja bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, 2-taxtada o‘ynagan Abdusattorov I Veyni, Shaxriyar Mamedyarov Timur Rajapovni mag‘lub etdi. Chjun’i Tan – Aleksandra Kostenyuk, Alina Kashlinskaya – Valentina Gunina “dueli”da durang qayd etildi. Sarin Nixal – Javohir Sindorov bahsida 1:0 hisobi qayd etildi. Bu esa o‘z navbatida “PBG Alaskan Knights” jamoasining 4,5:1,5 ko‘rinishidagi ishonchli g‘alabaga erishishiga olib keldi.

Shuningdek, ortda qolgan birinchi kungi o‘yinlarda “upGrad Mumba Masters” – “American Gambits”- 2:4, “Ganges Grandmasters” – “Alpine SG Pipers”- 2,5:3,5 hisoblarida birinchi kungi uchrashuvlar o‘z poyoniga yetdi.

Musobaqalar 12 oktyabrga qadar davom etadi

T.Ro‘ziyev, O‘zA