30 sentyabr kuni “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
— Bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
— 2024–2027 yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli ko‘rsatkichlari.
Agentlik tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar turlari maqbullashtiriladi.
Bunda:
2025 yil 1 yanvardan:
— intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatgani uchun subsidiya 1 gektar uchun 16 million so‘mdan oshmagan miqdorda belgilanadi;
— suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun subsidiya suv quvurlarining o‘lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha belgilanadi;
—“in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya ushbu xarajatlarning 50 foizi miqdorida belgilanadi;
— ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, Agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi.
ko‘chat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar 2024 yil 1 oktyabrdan bekor qilinadi.
O‘zA