Nukus shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha tashkilot – “DMO Karakalpakstan” rasmiy ofisining ochilish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi, Germaniya Federativ Respublikasi elchixonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmning yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek,  so‘nggi yillar sohaga oid qabul qilingan bir qator farmon hamda qarorlar yuzasidan berilayotgan imtiyozlar tufayli Orolbo‘yiga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024 yil 12 yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida jahon turizm bozoridagi kuchli raqobat sharoitida mamlakatimizga xorijiy turistlarni keng jalb qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, turizm namoyishi ob’ektlaridan samarali foydalangan holda hududlarni o‘zaro bog‘lovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish ishlari jadal olib borilmoqda.

Mazkur farmonda respublika turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda manzilli targ‘ib qilish bilan birga, ichki turizm yo‘nalishidagi turoperatorlarning mahsulotlarini turistlarga taqdim qilish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasini tashkil etish vazifasi belgilangan.

“DMO Karakalpakstan” nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning asosiy maqsadi  Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish, madaniy merosni saqlash va mahalliy aholining hayot darajasini yaxshilashdir.

Tadbir ishtirokchilari yangi ofisdagi sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari