2024 yil 30 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Oliy Majlis Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisida dastlab “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun bilan kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilib, unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilanmoqda.

Hujjatda kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi mexanizmi, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilishi, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar yaratilishi hamda kreativ industriyalar parkining vazifalari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonun asosida ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi hamda ushbu jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Kreativ industriyalarining respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash qonun darajasida belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Global innovatsiyalar indeksidagi o‘rnini oshirishga, kreativ industriya sohasidagi innovatsion g‘oyalar va loyihalarni rivojlantirishga, madaniyat va merosni ommalashtirish, xalqaro va ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan kreativ mahsulotlar va xizmatlarni sotish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladi.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qildi.

Qonun bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, kooperativ a’zoligiga qabul qilish, nazorat qilish, tashqi audit, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish borasidagi, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda.

Kooperativ qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti ekanligi qonunan belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi kooperativi kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxslardan iborat tarkibda tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda qishloq xo‘jaligi kooperativining boshqaruv organlari, jumladan, umumiy yig‘ilish, kooperativ boshqaruvi, kuzatuv kengashining aniq vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zolikka kirish va undan chiqish, kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari, ularning hisobini yuritish, pay badallarini to‘lash bilan bog‘liq normalar hujjatda o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari, kooperativlarga qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, qonunlarda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqi berilmoqda.

Qonunda davlat tomonidan agrar-iqtisodiy siyosat yordamida kooperativlar faoliyati uchun qulay muhitni ta’minlash, ularning faoliyatini rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilayotgan imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish, bank kreditlaridan va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanishda ko‘maklashish nazarda tutilgan. Kooperativlarni iqtisodiy, sotsial, hududiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor berilgan.

Qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi, o‘z tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularni professional va demokratik yo‘l bilan boshqarish hamda qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida rivojlanib kelayotgan zamonaviy kooperativlar faoliyati tartibga solinadi hamda ularning huquqiy kafolati yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonunda temir yo‘l transporti tizimi zamonaviy bozor modeli talablariga muvofiq aks ettirilmoqda.

Mazkur hujjat transport sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va temir yo‘l transporti tashuvlari sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga qaratilgan.

Qonunda “temir yo‘l transporti” tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda respublikaning temir yo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘l transportiga ajratilmoqda.

Umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinmoqda hamda tashuvchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Qonun bilan temir yo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashishdan tashqari) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.

Temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishning aniq yo‘nalishlari qonunda belgilanib, umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temir yo‘llar hamda vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq qayd etilmoqda.

Qonun bilan temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi va Transport inspeksiyasi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Qonun sohada raqobat muhitini yaratish, fuqarolarning temir yo‘l transportida harakatlanishida sifat darajasini oshirish, yo‘lovchi va yuklarni xavfsiz tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish va temir yo‘l transporti tashuvlari sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, Senatning ellik sakkizinchi yalpi majlisida “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2023 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining samarali olib borilishi, yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanmoqda.

Yoshlarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ochiq va sifatli ta’lim olishi, ijodiy, intellektual va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirishga alohida e’tibor qaratilib, ularning bandligini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur Bitimni qabul qilish tashabbusi 2022 yil 21 iyulda Cho‘lpon-Otada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan.

Qonunda yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlar, loyihalar, yoshlar lagerlari, davlatlararo yoshlar aksiyalari, seminarlar, munozara klublari, davra suhbatlari, yoshlar forumlari va mintaqadagi yoshlar siyosatining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalarni tashkil etishga ko‘maklashish kabi masalalar nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlar siyosati sohasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga imkoniyatlar yaratadi hamda mintaqadagi yoshlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 6 ta masala, shu jumladan, 5 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati