Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida ta’kidlandi.

Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi. Buning uchun xalqaro darajada fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etiladi.

Rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi.

Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga – 170 million so‘m, kumush medalga – 102 million so‘m, bronza medal uchun – 68 million so‘m mukofot puli beriladi.

Shu bilan birga, ana shu o‘quvchilarning o‘qituvchilari 50 milliondan 150 million so‘mgacha mukofotlanib, ularga bir yilda 100 foizlik ustama olish imkoni yaratiladi.

Ilk bor xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar jamoasi rahbarlarini ham rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan farzandlarimizni tantanali kutib olib, ularni ham qahramonlar sifatida e’zozlab, xalqimizga tanitish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zA