O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan kino sohasi vakillari, rejissyorlar, ssenariynavislar uchun “Maxsus tarix” o‘quv kurslari tashkil etildi.
Keyingi yillarda tariximizni tiklash, uni xolis va haqqoniy o‘rganish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bularning natijasida Vatanimiz tarixiga oid yangicha yondashuvdagi badiiy filmlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyundagi “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra «Tirik tarix» filmlar turkumini yaratish dasturi ishlab chiqilib, bugungi kunda uning doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ushbu dasturning vazifasi xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, azaliy qadriyat va an’analari, orzu-intilishlarini chuqur ilmiy asoslarga tayanib, to‘laqonli aks ettirish, ozodligi va ravnaqi yo‘lida kurashgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis, haqqoniy ko‘rsatib berish, tariximizda yorqin iz qoldirgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, alloma va mutafakkirlar, shoir va adiblar, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz, atoqli san’atkorlarning ilmiy-ijodiy merosi, ularning umumbashariy tamaddun rivojiga qo‘shgan hissasini yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada namoyish etishdan iborat.
Loyiha doirasida tashkil etilgan “Maxsus tarix” o‘quv kurslari davomida mamlakatimizning yetakchi olimlari tomonidan tarixning shonli va murakkab sahifalari, qiziqarli mavzularga oid mashg‘ulotlar olib borildi. Bunday o‘quv mashg‘ulotlari tarixiy haqiqatni tomoshabinga teran va haqqoniy yetkazib berishga xizmat qiluvchi kinofilmlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova, O‘zA