Samarqand sammiti ekspertlar nigohida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishining ochilish sessiyasida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy mavzusi – “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish”. Kun tartibidan global iqtisodiyot va moliya sohalaridagi dolzarb masalalar, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalarini muhokama qilish o‘rin olgan edi.
Davlatimiz rahbari anjuman doirasida xorijiy delegatsiyalar va yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Qayd etish joiz, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining Samarqand sammiti – Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotganining yorqin namunasi, deya e’tirof etilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbari Qatar Davlati moliya vaziri Ali bin Ahmad al-Quvariy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muloqotda ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. “Yashil” energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Yil yakuniga qadar Doha shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumi o‘tkazilishi qayd etildi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ali bin Ahmad al-Quvariy, Qatar Davlati moliya vaziri:
– Men O‘zbekistonda, boqiy shaharda bo‘lib turganimdan benihoya xursandman. Yig‘ilish doirasida ko‘plab masalalar yuzasidan muhokamalar olib borilmoqda. Mamlakatingizda mavjud chet el banklari uchun imkoniyatlardan tortib, tizimga daxldor boshqa masalalar bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston doimgidek yirik tadbirni o‘tkazish uchun bejiz tanlanmagani o‘z tasdig‘ini topdi.
Bugungi kunda mamlakatingiz xalqaro miqyosda deyarli ko‘plab sohalarda o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti. Ta’kidlash kerakki, Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ham so‘nggi yillarda har qachongidan yuqori bosqichga ko‘tarilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ldim va bu men uchun katta sharaf. Muloqot davomida bir qator investitsion loyihalar bo‘yicha so‘z yuritildi. Davlat rahbari tomonidan mamlakat rivoji uchun qilinayotgan sa’y-harakatlar boshqa davlat yetakchilariga ham katta ishonch va ishtiyoq berayotganini alohida e’tirof etishni istardim. So‘nggi yillardagi izchil islohotlar allaqachon o‘z samarasini berayotganini bugungi ulkan o‘zgarishlar, bu kabi nufuzli forumlardan bilib olish mushkul emas.
O‘zbekiston Prezidenti Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etayotgan “Franklin Templeton” kompaniyasi bosh investitsiya direktori Manraj Sekxonni ham qabul qildi.
Ma’lumot o‘rnida: “Franklin Templeton” aktivlarni boshqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi, 30 mamlakatda yuzdan ziyod ofisi mavjud. Suhbatda O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini rivojlantirish, strategik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va ularning aksiyalarini fond bozorlariga joylashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Manraj Sekxon, “Franklin Templeton” kompaniyasi bosh investitsiya direktori:
– Prezident janobi oliylari bilan a’lo darajadagi uchrashuv o‘tkazdik. Biz O‘zbekistonda davlat rahbari amalga oshirayotgan islohotlar, Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish rejalari, davlat korxonalari faoliyatini rivojlantirish borasida suhbatlashdik.
Bugungi kunda mamlakatingizda turli sohalarda o‘z faoliyatimizni olib boryapmiz. Jumladan, davlat korxonalari faoliyatini samarali tashkil etish, ularning xalqaro birjalarda o‘z o‘rnini egallashiga ko‘maklashyapmiz.
Prezidentning qarashlari va siyosiy irodasi, olib borayotgan islohotlari jarayoni, davlatning kelgusi taraqqiyot strategiyasi bizni juda hayratlantirdi. Fikrimcha, ushbu chora-tadbirlarning barchasi O‘zbekiston ravnaqi uchun juda muhim hisoblanadi. Kelgusida hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun juda yaxshi imkoniyat va salohiyat mavjud.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA