Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.
– O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan. Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi. Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi Prezident.
O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.
Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
– Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan O‘zbekiston bankning top-10 ta hamkoridan biriga aylandi. Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi. Ta’kidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik, – dedi Prezident.
O‘zA