Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyoj yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.

Shu ma’noda, Prezident bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida o‘tkazilayotgani olqishladi.

Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirildi. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.

O‘zbekistonda 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan.

Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi.

Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi.

Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlar hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo‘ldosh “Yangi O‘zbekiston” shaharchalarini qurish bo‘yicha katta loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 130 million dollarlik loyihalar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganganini alohida e’tirof etdi. Bank va boshqa hamkorlar bilan bunday infratuzilmaviy loyihalar yanada kengaytirilishiga ishonch bildirdi.

O‘zA