Markaziy Osiyoning eng yirik texnoparklari — IT Park O‘zbekiston va “Astana Hub” mintaqaviy startap ekotizimini rivojlantirish va innovatsion salohiyatni xalqaro miqyosda ilgari surish maqsadida “Central Asian Innovation Hubs” nomi ostida birlashmoqda.

“ICT WYeEK UZBEKISTAN-2024” doirasida IT Park O‘zbekiston bosh direktori Farhod Ibragimov va “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev tegishli hamkorlik memorandumini imzoladi.

Mazkur hamkorlikning maqsadi umummintaqaviy identitetni yaratish, startap ekotizimini va venchur fondlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishdir. Shuningdek, Markaziy Osiyoning istiqbolli loyihalarini xalqaro platformalarda ilgari surish bo‘yicha bir qator qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, yil oxirigacha ikki davlat texnoparklari birlashgan brend ostida bir qator yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etishadi. Jumladan, Bakudagi “InMerge” tadbirida mintaqadan 4 ta startap xalqaro investorlar va fondlarga taqdim etiladi.

Bundan tashqari, mintaqaviy startap loyihalarining “Hero Training Program”, “Stanford HealthTech Accelerator” va “Alchemist Accelerator” dasturlarida ishtirok etishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Ushbu hamkorlik startap ekotizimlarining rivojlanishiga yangi yo‘nalish va turtki beradi hamda Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiya jozibadorligini oshiradi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, “Central Asian Innovation Hubs” yaratilishi orqali mintaqaviy startaplarning global miqyosda tanilishi ortadi va asoschilarga o‘z innovatsiyalarini xalqaro platformalarda sanoat yetakchilariga taqdim etish uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA