Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizo har ikki tomonga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2022 yil 24 fevralda boshlangan mojaro oqibatida juda ko‘p ayol beva qoldi, ota-onalar asirga tushgan farzandlarini sog‘ingan, ziddiyat markazida joylashgan maktablar bo‘m-bo‘sh, dehqonlar harbiy harakat sabab yerga ishlov berolmaydi…

Hatto, frontdan olis hududlar qiyofasini o‘nglab bo‘lmaydigan darajada o‘zgartirgan ikki yildan ortiq vaqt asorati zohir.

Anchadan beri dunyoning turli nashrlari ziddiyat haqida, urushni to‘xtatish haqida bong urmoqda. E’tiboringizga ayni mavzuda xorijiy OAVda e’lon qilingan so‘nggi yangiliklarni havola etamiz.

BBC: Ukraina havo hujumidan so‘ng Rossiyaning Toropets shahri aholisi evakuatsiya qilinadi

Tver viloyatida Ukraina uchuvchisiz uchoqlari hujumi yirik yong‘inga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqda shaharda kuchli portlash sodir bo‘lgani aks etgan video lavha paydo bo‘ldi. Tasvirda portlash va osmonning katta qismini qoplagan tutun ko‘ringan.

Ukraina dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko o‘z sahifasida ma’lum qilishicha, Rossiya “Grad” raketalari va o‘q-doridan tashqari Toropetsda KXDR raketalarini ham ishga solishga shay turibdi.

Moskvadan 380 km shimoli-g‘arbda, Ukraina bilan chegaradan 470 km shimolda joylashgan Toropets shahri ma’muriyati bugun ertalab avtobuslar evakuatsiya uchun allaqachon tayyorlab qo‘yilganini aytdi. Shuningdek, 13 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududdagi vaziyat “nazorat ostida” ekani da’vo qilinmoqda.

Davlat matbuoti mintaqaviy maktablar va bolalar bog‘chalari yopilishi haqida xabar tarqatdi.

RF Mudofaa vazirligi besh viloyat – Bryansk, Kursk, Oryol, Smolensk va Belgorod bo‘ylab bir kechada uyushtirilgan hujumda jami 54 ta dron yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Sky News: Zelenskiy ittifoqchilariga “Ukrainaning g‘alabasi rejasi”ni taqdim etmoqchi

Vladimir Zelenskiy kecha “Ukrainaning g‘alabasi rejasi” muhokama qilinganini ma’lum qildi. Mamlakat yetakchisining harbiy, siyosiy, diplomatik va iqtisodiy rejalari bor ekan.

– Turli “zarur qadamlar aniq belgilangan” va bu Kiyevga haqiqiy, adolatli tinchlik o‘rnatish uchun eng kuchli pozitsiyani beradi, – deb yozdi u o‘z sahifasida.

Shuningdek, o‘ziga ishongan holda “bu rejaning imkonsiz joyi yo‘q, 90 foizdan ortig‘i allaqachon tuzilgan”, deya qo‘shimcha qildi.

– Keyingi hafta ittifoqchilarimizga “G‘alaba reja”mizni taqdim etamiz. Men Ukraina bilan birga bo‘lgan va yurtimizni himoya qilishga yordam berayotgan barchadan minnatdorman, – xulosa qilgan Zelenskiy.

Politico: Zalujniy Kursk viloyatidagi hujumga qarshi edi

Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, general Valeriy Zalujniy Rossiya hududiga bostirib kirishga qarshi chiqqan, chunki Ukraina rahbariyati chegarani buzib o‘tganidan so‘ng “keyingi qadam uchun aniq reja”ga ega bo‘lmagan”.

Maqola muallifi qayd etishicha, Kursk viloyatidagi operatsiyaga rozi bo‘lmagan ikkinchi shaxs Qurolli kuchlar 80-havo hujumi brigadasi qo‘mondoni Emil Ishkulov. Keyinchalik mahalliy ommaviy axborot vositalari uning ishdan bo‘shatilishi yoki boshqa lavozimga o‘tkazilishi haqida yozgan.

“Prezident Zelenskiy Yalta-Yevropa strategiyasi (YES) konferensiyasida Donbassdagi vaziyat og‘irligicha qolsa ham, nisbatan normallashayotganini ta’kidladi, deb yozdi nashr.

Harbiy xizmatchilar esa Ukraina Qurolli kuchlarining Donetsk viloyatidagi yo‘qotishi ortib borayotgani, natijada mudofaa uchun ushbu hududga Kurskdan bir necha bo‘linmani olib o‘tishga majbur bo‘linganini ta’kidlagan.

Bloomberg: Kiyevning ayrim ittifoqchilari Ukrainadagi ziddiyat qanday yakunlanishi mumkinligini muhokama qila boshladi

Agentlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ittifoqchilari nizoni muzokara yo‘li bilan tugatish qanday kechishi mumkinligi va buning ehtimoliy yo‘llari haqidagi ssenariyni jiddiy muhokama qila boshlagan. Shu bilan birga muzokara bo‘yicha har qanday qarorni faqat Kiyev qabul qilishi va hech kim Zelenskiyga bosim o‘tkazmayotgani ta’kidlanmoqda.

Mojaro davom etayotgani va jang maydonida sezilarli o‘zgarish yo‘qligi sababli ba’zi G‘arb rasmiylari boshi berk ko‘chadan chiqish uchun diplomatiyadan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqa boshlagan.

Ayni payt bu sa’y-harakat G‘arb davlatlarida Kiyevni muddatidan oldin o‘t ochishni to‘xtatishga majbur qilishi mumkinligidan xavotir uyg‘otmoqda. Qaysi G‘arb davlatlari va Kiyevning qaysi ittifoqchilari ekani ko‘rsatilmagan.

Al Jazeera: Polshada hibsga olingan boks bo‘yicha ukrainalik jahon chempioni Aleksandr Usik ozodlikka chiqdi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Aleksandr Usik Polshada hibsga olinganidan “g‘azablanganini” aytdi. Shuningdek, Krakov aeroportida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qisqa muddat hibsga olingan og‘ir vazn toifasidagi mutlaq jahon chempioni qo‘yib yuborilganini tasdiqladi.

Usik nima sababdan ushlangani aniq emas. 2012 yil London Olimpiadasi oltin medali sohibi, WBC, WBO va WBA kamarlari egasi Ukrainada milliy qahramon sifatida ko‘riladi.

– Fuqaromiz va chempionimizga nisbatan bunday munosabat meni g‘azablantirdi, – dedi Zelenskiy o‘z kanalida.

Shanba kuni Londonda Daniel Dyubois va Entoni Joshua o‘rtasidagi og‘ir vazn toifasi boks jangida ishtirok etishi kutilayotgan Usik hibsga olinishi tushunmovchilik natijasi ekan.

– Do‘stlar, hammasi joyida, – dedi Usik. – Tushunmovchilik yuzaga keldi va tezda hal qilindi. Xavotirlanganingiz uchun rahmat.

Usik may oyida Ar-Riyoddagi “Kingdom arena”da bo‘lib o‘tgan hayajonli bahsda Tayson Fyurini mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi. 37 yoshli ukrainalik sportchi bir vaqtning o‘zida barcha to‘rtta og‘ir vazn toifasidagi kamarlarni qo‘lga kiritgan.

Uning fondi Kiyev qo‘shinlariga moliyaviy yordam berib keladi. Jamg‘arma tez yordam mashinalarini front chizig‘iga gumanitar yordam sifatida yetkazib turadi.

NBK News: Rossiya va Ukraina ikki kun ichida 206 nafar mahbusni almashishdi

BAA vositachiligida olib borilgan muzokara natijasida Rossiya va Ukraina yaqinda jami 206 nafar mahbus almashinuvini amalga oshirdi.

Ukraina rahbari aytishicha, qaytib kelgan barcha 103 ukrainalik harbiy – 82 askar va 21 zobit ayni payt oilasi bag‘rida.

Rossiya Mudofaa vazirligi almashilgan 103 nafar rus askari avgust oyida Ukraina kutilmagan bosqin boshlagan chegaradagi Kursk viloyatida asirga olinganini bildirdi.

Ayirboshlash BAA vositachiligida amalga oshirildi, deb yozdi “WAM” axborot agentligi. Bu 2024 yil boshidan buyon mamlakatning sakkizinchi vositachiligi.

Ukraina ombudsmani Dmitriy Lubinets aytishicha, ozod etilgan aksar ukrainaliklar urushning dastlabki kunlaridayoq asirga olingan.

U sahifasiga harbiy xizmatchilar avtobus oldida turib “Ukrainaga shon-sharaf” deb baqirayotgani aks etgan qisqa videoni joylashtirgan.

Lubinets ta’kidlashicha, Kiyev shu paytgacha 57 almashinuvda 3672 nafar ukrainalik qaytishini ta’minlagan.

Times: Ukrainaga beriladigan ruxsat “qizil chiziq” emas

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Times” gazetasiga bergan intervyusida Kiyevga uzoq masofali raketalardan Rossiyaning ichkari hududlarida foydalanishga ruxsat berish vaziyatni keskinlashtiradigan “qizil chiziq” bo‘lmasligini aytdi.

– Putin avval ham ko‘p marta “qizil chiziq” haqida gapirgan, mojaroda NATO ittifoqchilarining bevosita ishtiroki bo‘yicha ogohlantirish bergan, lekin keskinlikka bormagan, – deya Stoltenbergning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Bosh kotib Kiyevga uzoq masofaga uchadigan raketadan foydalanishga ruxsat berilishini qo‘llab-quvvatlagan Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlar fikriga qo‘shilishini aytdi. Shu bilan birga u Ukraina tomonining raketalardan chuqur nishonlarga zarba berishda foydalanishi Shimoliy Atlantika ittifoqini Rossiya bilan ziddiyatga tortmasligini ta’kidladi.

CNN: AQSH Ukrainaga harbiy yordam miqdorini kamaytiradi

Manbalar “CNN”ga ma’lum qilishicha, Bayden ma’muriyatida Ukraina uchun qurol va o‘q-dori uchun 6 milliard dollar qolgan, Pentagon yetkazib berishi mumkin bo‘lgan zaxira ham mavjud emas.

2024 yil aprel oyida Pentagon Ukrainaga 1 milliard dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qilgan edi. O‘shandan beri har bir to‘plamning qiymati sezilarli darajada kamaydi – 400 million dollardan oshmadi.

2022-2023 yillarda muntazam harbiy yordam miqdori 600-800 million dollarni tashkil etgan, eng qimmat paket – 2,85 milliard dollar 2023 yil yanvarida ajratilgan.

The Wall Street Journal: Ukraina va Rossiyaning

umumiy yo‘qotishi 1 million nafarga yetdi

Nashr manbalariga tayanib yozishicha, urushda Ukrainadan 80 ming askar halok bo‘lgan, 400 ming harbiy yaralangan. Bir qator G‘arb davlatlari tahlilchilari hisob-kitobiga ko‘ra, ruslardan 200 ming kishi halok bo‘lgan, 400 ming nafar odam yaralangan.

Ukraina va Rossiya urushdagi yo‘qotishi haqidagi rasmiy ma’lumotni, odatda, e’lon qilmaydi. Ukraina 2024 yil fevral oyida o‘sha paytgacha urushda 31 ming askari halok bo‘lganini oshkor qilgan edi.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA