Xitoyning Pekin shahrida Milliy intellektual mulk ma’muriyati va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bilan birgalikda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi mamlakatlarining intellektual mulk bo‘yicha uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Konferensiyada intellektual mulk sohasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlar orqali innovatsiya va ijodkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi mamlakatlari intellektual mulk sohasida ochiqlik, birdamlik, o‘zaro manfaatdor hamkorlik o‘rnatish hamda sohani rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Adliya vazirligi intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qiladi. Bu boradagi vazifalarni samarali amalga oshirishda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib boradi. Hamkorlik loyihalarini amalga oshiradi.
N.Abduraimova, O‘zA