Mamlakatimizga Germaniya Federal Kanslerining rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning Germaniya Federativ Respublikasi Ichki ishlar va vatan vaziri Nensi Fezer xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik so‘ngi yillarda bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan tashkil etilayotgan huquqshunoslik va profilaktikaga oid seminar-treninglar samarali bo‘lmoqda.
Markaziy Osiyo huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish loyihasi doirasidagi tajriba almashuvi bilan bog‘liq tadbirlar, shuningdek, Germaniya Jinoiy politsiya Federal idorasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Olaf Vorbs bilan ikki tomonlama uchrashuv va hamkorlikdagi amaliy tadbirlar haqida ham shunday deyish mumkin.
Ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan chet el fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida 81 xorijiy mamlakat, shu jumladan, Germaniya fuqarolariga O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lish imkoniyati joriy etilgan.
Natijada yurtimizga tashrif buyurayotgan germaniyaliklar soni yildan yilga ortib bormoqda. Masalan, 2022 yilda ularning soni 40 mingni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich 51 ming nafardan oshgan. O‘z navbatida, Germaniyada doimiy ishlab va yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining soni 2 ming nafardan oshgan.
Oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida imzolangan «Migratsiya va mobillik to‘g‘risida»gi hukumatlararo Bitim ham kelgusida fuqarolarimizning o‘zaro tashriflari jadallashuviga xizmat qilishiga alohida urg‘u berildi.
Tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish va raqamli kriminalistikani rivojlantirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida tajriba almashinuvi doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgani hamda yaqin kelajakda ijrosini kutayotgan istiqbolli vazifalar belgilab olingani alohida e’tirof etildi.
N.Abduraimova, O‘zA