Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun 700 million dollardan ortiq qo‘shimcha mablag‘ ajratmoqda, dedi chorshanba kuni davlat kotibi Entoni Blinken.

Ayni dam Kiyevda bo‘lib turgan yuqori martabali mulozimning so‘zlariga ko‘ra, 325 million dollar Ukraina energetika infratuzilmasini tiklashga ko‘maklashish uchun mo‘ljallangan. 290 million aholiga gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan dori-darmon, oziq-ovqat, ichimlik suvi va boshqa zarur mahsulotlar xarid qilishga sarflanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hududlarni minadan tozalash uchun Kiyevga taxminan 102 million dollar beriladi. Xullas, umumiy miqdor 717 million dollarni tashkil etadi.

“Sky News” telekanali axborotiga ko‘ra, Buyuk Britaniya ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yana 600 million funt sterling ajratishini ma’lum qilgan. Bu masala Qirollik tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining Ukrainaga tashrifi chog‘ida kelishilgan.