Muxtor Avezov nomidagi Qozoq milliy drama teatri jamoasining Orolbo‘yiga gastrol safari davom etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri foyesida tashkil etilgan “Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston teatr san’atining do‘stligi” mavzusidagi ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng teatr jamoasining ijodiy tashrifi hamda kelgusidagi hamkorlik rejalariga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Qozoq milliy drama teatri direktori Juasbek Yerkin Tileuqul o‘g‘li, mazkur teatr rejissyori Yelik Nursulton so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar mustahkamlanib, xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarilganligini qayd etdi. Ayniqsa, madaniyat va san’at sohasida o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston Respublikasida gastrol safarida bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari vakillari teatr jamoasi va mutasaddilardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Ijodiy safar davomida teatr jamoasi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri hamda Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida Gabit Musrepovning “Qiz-Jibek” musiqiy dramasi, Aleksandr Volodinning “Seviklilaringizdan ajralmang” dramasi, Sao‘le Dosjanovaning “Sevgi nomi bilan” dramasini tomoshabinlarga taqdim etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.