Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi davom etmoqda.
Bugungi kunda respublika boʻyicha kamida 50 ta ish oʻrni yaratgan 9 ming 200 ga yaqin tadbirkor bor.
Ular yaqinda oʻtgan Prezident bilan ochiq muloqotdan ruhlanib, koʻnikmasi va xohishi bor 500 ming odamga ish berishga tayyorligini bildirgan.
Masalan, Baliqchi tumanidagi tadbirkor Xitoy tajribasi asosida kooperatsiya tizimini joriy etib, 520 nafar kambagʻal aholini ishli qilish tashabbusi bilan chiqayapti.
Tadbirkorga kredit berilsa, viloyatning har bir tumanida 1 tadan korxona ochib, unga 30 nafar ehtiyojmand oila vakilini ulushdor qilib kirgizib, 4-5 million soʻmgacha oylik toʻlamoqchi.
Bunda, faqat ehtiyojmand odamlarni ishga olish – kreditning asosiy sharti boʻladi.
Andijon viloyatidagi qolgan 58 ta parranda korxonasi ham 4-5 tadan shunday loyiha qilib, 10 ming ehtiyojmand aholini ish bilan taʼminlashga tayyor.
Viloyatdagi 660 ta baliq xoʻjaligi kooperatsiya orqali 10 mingta yangi ish joyi yaratishni tashabbus qilgan.
Bunday tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlab, Prezident mutasaddilarga mana shunday loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha yangi tizim yaratishni topshirdi.
Andijondagi nasos stansiyalari yonidan kamida 10 gektar yerda 30 sotixlik maydonlar baliqchilik kooperatsiyalariga taklif qilinadi.
Ushbu tajribalarni yoʻlga qoʻyish orqali parranda va baliqchilikda kamida 200 ming ehtiyojmand aholini band qilish mumkin.
OʻzA