Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Tuman hokimlari, sektor rahbarlari kambag‘al oilalar xonadoniga kirib, bu yerdagi sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsagina natija bo‘lishi ta’kidlandi.

–Odamlarga qancha yordam bermaylik, mahallalar sharoitini yaxshilamasak, kambag‘allik qisqarmaydi, – dedi Prezident.

Shu bois, kelgusi yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi.

Bu mablag‘larning 1,2 trillion so‘mi, avvalo, eng og‘ir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari o‘rnatishga beriladi. Yana 2 trillion so‘m hisobidan eng og‘ir 500 ta mahallada elektr, yo‘l, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun vazirlar, o‘rinbosarlari va maslahatchilari, boshqarma boshliqlaridan iborat 250 nafar rahbarga eng og‘ir 1 mingta mahalla bog‘lab beriladi.

Shuningdek, viloyatdagi 2 ming va tumandagi 12 ming nafar rahbarning har biriga 5 tadan sharoiti eng og‘ir oila biriktiriladi.

O‘zA