O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliyev bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan, qat’iy ishonchga asoslangan munosabat tufayli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalar rivojlanishidagi ijobiy o‘sish sur’atini olqishladilar.
2023 yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash 26,5 foiz o‘sdi. O‘zbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliyalashtirish va sug‘urtalash, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq amaliyot, energetika, xizmat ko‘rsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalariga ixtisoslashgan 230 korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zaro manfaatli yirik sarmoyaviy loyihalar birgalikda amalga oshirilmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevning o‘tgan oy yurtimizga davlat tashrifi doirasidagi oliy darajali muzokaralar chog‘i shahar infratuzilmasi, ishlab chiqarish, kimyo sanoati va axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilingan edi.
Shundan kelib chiqib, uchrashuvda ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida sheriklikni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirildi. Ishbilarmon doiralarni qo‘llab-quvvatlash, ustuvor tarmoqlarda aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish choralarini ko‘rishga kelishib olindi.
G.Sattorova, O‘zA