Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida tadbirkor Yerdos Qadenovning homiyligida “Qoratal” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.

Ushbu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.Otemisov, O‘zbekiston mahallari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i S.Turmanov va boshqa so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni yangi bino ochilishi bilan qutlar ekan, saxovatpesha  tadbirkorga butun mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan joylarda mahalla institutining aholi hayotidagi o‘rnini oshirish va ularni moddiy-texnik tomondan qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalla fuqarolar yig‘iniga homiylik qilayotgan Yerdos Qadenov saxovatpesha tadbirkorlardan biridir.

Fuqarolar yig‘ini binosida mahalla yettiligining aholi bilan samarali ishlashi uchun yetarli imkoniyat yaratilgan bo‘lib, mahalla binosi oldida turli tadbirlarni o‘tkazish uchun maydon ham barpo qilindi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.