Hindistonda chop etiladigan “Business Central Asia” oylik jurnalining yangi sonida O‘zbekiston turizmiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

“O‘zbekiston mamlakatni sayyohlik maskani sifatida tanitish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda” sarlavhali maqolada davlatimiz rahbari tomonidan turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritilgan.

Jumladan, turistlar sonini 2023 yildagi 6,6 milliondan 2030 yilga kelib 15 millionga yetkazish rejalari haqida so‘z yuritilgan. Bu, amaldagi ko‘rsatkichlardan ikki barobar ko‘p.

Maqolada yangi turistik paketlar hamda xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga alohida e’tibor berilgan. Shuningdek, mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan «Mo‘ynoq» aeroporti ekstremal turizm, jumladan, parashyut sporti uchun mashhur yo‘nalishga aylanishi mumkinligi aytilgan.

2023 yilda turizm yurtimizga 2,1 milliard dollarga yaqin daromad keltirgani ma’lum qilingan. Mamlakat 2019-2024 yillarda Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tayyorlanadigan Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksida o‘z o‘rnini yaxshilab, 16 pog‘onaga ko‘tarilgan. “Lloyd’s Register Foundation” jamg‘armasining 2023 yilgi xavfsizlik indeksida ham birinchi o‘rinni egallagan.

Jurnalist O‘zbekiston dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning mashhur mualliflari bilan mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilishda faol hamkorlik qilayotganini alohida ta’kidlaydi.

“Netflix” kabi yirik striming xizmatlari, shuningdek, sayyohlik agentliklari va konsert kompaniyalari, jumladan, Xitoyning “Trip.com” agentligi va Dubaydagi “Holiday Factory” bilan reklama aksiyalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Yosh sayohatchilarni jalb qilish uchun O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega bo‘lgan bloger va inflyuyenserlarni jalb qilayotgani qayd etilgan.

B.XUDOYBERDIEV, O‘zA