O‘zbekiston para sportchilari Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida 10 oltin, 9 kumush va 7 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

9 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘oliblari, sovrindorlari va ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, jurnalistlar yig‘ildi.

Joriy yilgi sport mavsumida O‘zbekiston farzandlari nufuzli musobaqalar – XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarida jahonga mamlakatimizning ulkan salohiyatini namoyon qildi. Ajdodlari buyuk millatning avlodlari ham buyuk ishlarga qodirligini, yurtimiz yoshlarining mardlik va jasoratda, shijoat va matonatda, iqtidoru iste’dodda hech kimdan kam emasligini, aksincha, manaman degan davlat yoshlaridan ustun ekanini isbotladi.

Sportchilarimizning XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida xalqqa ulashgan, elning qaddini, g‘urur-iftixorini tog‘dek ko‘targan muzaffar onlarining hovuri bosilmay turib, yana g‘alaba nashidasi, baxtiyor lahzalar shukuhi qalblarimizni chulg‘ab oldi.

O‘zbekiston paralimpiyachilarining ushbu nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi. Mazkur qaror asosida paralimpiyachilarimiz zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdi, tajriba va mahoratini oshirdi, Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlandi.

XVII Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning 65 nafar para sportchisi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, 26 medalga sazovor bo‘ldi.

Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston sport delegatsiyasi 182 davlat orasida 13, MDH davlatlari o‘rtasida ikkinchi, Osiyo mamlakatlari ichida uchinchi, Islom davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.

– O‘g‘lim Paralimpiya o‘yinlariga ketish oldidan albatta uchinchi oltin medalni qo‘lga kiritaman, deb va’da bergandi, – deydi Husniddin Norbekovning onasi Norjon Norbekova. – U va’dasining ustidan chiqib, yuzimizni yorug‘ qildi. O‘g‘limning bu tarixiy g‘alabasi butun xalqimizning yutug‘i, istiqlol bergan keng imkoniyatlar, Prezidentimizning para sportchilarga ko‘rsatgan mehr va e’tibori samarasidir.

…Mana, orziqib kutilgan damlar – ulkan havo kemasidan qo‘llarida Vatanimiz bayrog‘ini mag‘rur ko‘targan sportchilarimiz chiqib kelmoqda. Karnay-surnay sadolari yoshlarning “O‘zbekiston!” degan hayqirig‘iga ulanib ketdi.

Tantanali marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, senator Mahmud Toir va boshqalar paralimpiyachilarimizning bu yuksak g‘alabasi xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlagani, mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ulkan samarasi bo‘lganini ta’kidladi.

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan uch karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Husniddin Norbekov hamda Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga birinchi oltin medalni taqdim etgan Asila Mirzayorova xalqimizning ishonchi, davlatimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari usti ochiq avtobusga o‘tirib yo‘lga chiqdi. Toshkent xalqaro aeroportidan O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi binosiga qadar muzaffar sportchilarimizni kutib olish uchun yig‘ilganlar ularni qutladi: “Barakalla, qudratli yurtning munosib farzandlari! G‘alabangiz muborak bo‘lsin!”

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda matonatini, irodasini, jasoratini ko‘rsatishini ta’minlash doimiy e’tiborda.

Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonchi, tug‘ilib o‘sgan Vatanini baralla madh etishga bo‘lgan intilishi ular ko‘rsatgan natijalarda butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi.

Paralimpiya o‘yinlarida matonatli va irodali para sportchilarimizning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston nomi, mustaqil mamlakatimiz madhiyasi baralla yangradi, bayrog‘imiz baland hilpiradi. Ular qayd etgan natijalar, rekordlar, qo‘lga kiritgan medallar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Har qanday natija taqqoslarda yanada zalvorli ko‘rinadi. 2012 yili London shahrida bo‘lib o‘tgan XIV Paralimpiya o‘yinlarida o‘n nafar para sportchimiz ishtirok etib, bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. 2016 yilgi Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida 8 oltin, 6 kumush, 17 bronza, “Tokio-2020”da 8 ta oltin, 5 ta kumush hamda 6 ta bronza jami 19 medal jamg‘arilgan edi. O‘zbekiston para sportchilari Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan XVII Paralimpiya o‘yinlarida 10 oltin, 9 kumush va 7 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ha, bu galgi natija o‘tgan Paralimpiya o‘yinlaridagi medallarni sifat bo‘yicha ortda qoldirdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, “Parij-2024” Paralimpiya o‘yinlarida para yengil atletikachimiz, O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori Husniddin Norbekov yadro uloqtirishda 16,82 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Paralimpiya o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi va faoliyatida uch karra Paralimpiya chempioniga aylandi. Sherzod Namozov esa para dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritib, ikki karra Paralimpiya chempioni bo‘ldi.

Para atletimiz Bobur Omonov yadro uloqtirish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida ikki karra Paralimpiya chempioni deya e’tirof etildi. Uning 14,32 metr natijasi esa “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlaridagi o‘zining rekordini ham yangiladi.

Para atletika bo‘yicha T11 toifasida ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova 5,24 metr natija ko‘rsatib, Paralimpiya rekordi va oltin medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish bahslarida 21,12 metr natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Nurxon mazkur Paralimpiadada yadro uloqtirishda bronza medalini ham qo‘lga kiritdi.

Ha, Paralimpiya o‘yinlarida shohsupaga ko‘tarilgan hamyurtlarimizning har biri alohida e’tirofga munosib.

– Paralimpiya o‘yinlaridagi g‘alabamizni mustaqilligimizning 33 yilligiga bag‘ishlaymiz, – deydi Asila Mirzayorova. – Olimpiyachilarimizni kutib olish marosimini eshitganimizda ularga chin dildan havas qilgan, biz ham nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, g‘alaba qozonamiz, deb niyat qilgan edik. Bugun ana shu niyatimizga yetganimizdan, bizni ham olimpiyachilarimiz kabi katta tantana bilan kutib olishganidan boshimiz osmonga yetdi.

Hukumat rahbarlari, tegishli davlat tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida Parijda yakunlangan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatga erishgan para sportchilarimizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari asosida pul mukofotlarining sertifikati, Prezident sovg‘alari bo‘lgan “Chevrolet Tahoe”, “BYD Song Plus EV Champion”, “BYD Song Plus DM-i Champion” avtomobillarining kaliti va xonadon kalitlari topshirildi.

O‘zbekiston sportchilari XVII Paralimpiya o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etdi. Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Sportchilarimiz kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2028 yili AQSHning Los Anjeles shahrida bo‘ladigan XVIII Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da salmoqli natijalarga erishishi shubhasiz.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Prezident Administrasiyasi departament rahbari Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.

Javohir TOSHXO‘JAEV,

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbirlari