Hindistonning Nyu-Deli shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 44-Bosh Assambleyasi o‘tkazilmoqda.

Assambleya kun tartibiga muvofiq, tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx OOK prezidenti etib saylandi. Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olindi.

Otabek Umarov O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi deya xabar bermoqda MOQ matbuot xizmati.

Bungacha Otabek Umarov muddati qisqa bo‘lgan davr – “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamyurtimiz butun qit’amizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga mas’ul bo‘ladi.

Qayd etish joiz, Otabek Umarovning so‘nggi yillarda sport boshqaruvida erishgan muvaffaqiyatlari alohida e’tirof etilib, bugun yanada mas’uliyatli lavozimga saylandi va endi u butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga mas’ul bo‘ladi.

Tadbirda so‘z olgan O.Umarov qit’amiz sporti jahonda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani, buning isboti o‘laroq «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlarida Osiyoning 4 davlati TOP-15 talikdan joy olgani, Prezidentimizning sportni qo‘llab-quvvatlashlari bilan O‘zbekiston o‘z tarixida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA