_

Qoraqalpoq –qadimiy o‘lka. Bir paytlar Orol dengizi tufayli uning nomi tillarda doston bo‘lgandi. Dengizning asta-sekin qurishi mintaqada iqlim, tabiat bilan bog‘liq muammolar keltirib chiqardi. Ammo so‘nggi yillarda bu ko‘hna diyor yosharayotgandek. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan uning shaharu qishloqlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilyapti. Ulardan biri Qoraqalpog‘iston tumanlarini viloyatlar otaliqqa olishidir. Masalan, Bo‘zatov tumanida Farg‘ona viloyati katta dastur asosida ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqda. O‘tgan qisqa vaqt ichida, ya’ni 2023-2024 yillarda jami 22,1 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Jumladan, 11 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 7 ta ijtimoiy soha ob’ekti qurildi, ta’mirlandi va jihozlash ishlari amalga oshirildi. 5,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 4 ta maktabda kapital ta’mirlash, yangi sport zallari qurish va sport inventarlari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. 5,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi yangidan qurildi hamda joriy ta’mirlanib, 1 ta sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari ta’mirlandi.

Bundan tashqari, tumandagi 72 nafar faxriy hamda 100 nafar ijtimoiy daftarga kiritilgan ayolning Farg‘ona viloyatidagi dam olish maskanlarida davolanishi tashkil etildi. 300 ta xonadonga 1,5 milliard so‘mlik 400 bosh qo‘y-echki, 250 bosh quyon, 4000 bosh parranda, 1500 bosh kurka bepul taqdim qilindi.

200 ta oila uy-joyining tom qismi ta’mirlab berildi. Ovullarda 2 km suv tarmog‘i tortildi, 6 km avtomobil yo‘li yangilandi.

–Farg‘ona viloyatidan kelgan dehqon va mutaxassislar bugungacha 1750 gektar maydonni qayta foydalanishga topshirdi va ularda paxta, g‘alla, sabzavot ekinlari yetishtirilishi yo‘lga qo‘yildi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Habibullo Sirojiddinov. – 3,9 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Tumanda farg‘onaliklar tomonidan 5 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi.

Ayni kunlarda Farg‘ona viloyati hokimligi ishchi guruhi Bo‘zatovda. Ular 2024-2025 yil uchun yanada katta rejalar tuzishmoqda.

–Sanoat yo‘nalishidagi 34,2 million dollarlik 3 ta, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi 10 million dollarlik 1 ta loyiha shakllantirildi, – deydi Habibullo Sirojiddinov. – “Bo‘zatov Quva agro” MCHJ xususiy korxonasi tomonidan qiymati 14,2 million dollar ish o‘rni 200 ta bo‘lgan “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash” loyihasi “Vine garden Bo‘zatov” MCHJ tomonidan qiymati 10 million dollar bo‘lgan “Uzumchilikni rivojlantirish va uning bazasida vinochilik hamda spirtli ichimliklar ishlab chiqarish”, “Fish Prom agro” MCHJ tomonidan qiymati 10 million dollar bo‘lgan “Baliqchilik ko‘llarini rivojlantirish va baliqchilik klasterini tashkil etish”, “Qo‘qon Bo‘zatov Bentonit” MCHJ tomonidan qiymati 10 million dollar bo‘lgan “Qizilmiya ildizi ekstraktini ishlab chiqarish” kabi loyihalar amalga oshiriladi.

Bo‘zatovga qilinayotgan ichki investitsiya natijasida 44 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 1036 ta yangi ishchi o‘rni yaratiladi.

Muhammadjon Obidov,

O‘zA