Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan oʻzgartirish lozimligi taʼkidlandi.

Xususan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan tovarlarni aniqlash, ular boʻyicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish; sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda koʻmaklashish uyushmaning asosiy vazifalari boʻlishi zarur.

Shuningdek, injener-texnolog va oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berish, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqish; mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilgʻor kompaniyalarga stajirovkaga joʻnatish uyushma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻlishi lozim.

Davlatimiz rahbari “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining unga yangi aʼzo boʻlganlardan 2-yil, aylanmasi 10 milliard soʻmdan kam korxonalardan esa umuman badal olmaslik, ularning mahsulotlarini “Eltex Lab” laboratoriyasida bepul sinovdan oʻtkazish boʻyicha takliflarni qoʻllab quvvatladi.

Elektrotexnika loyihalari uchun xorijdan 200 million dollar resurs jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.

Umuman, bu yil 85 ta loyiha doirasida sim karta, toʻlov kartasi, keng turdagi maishiy texnika, transformator, televizor, quyosh paneli va yoritish uskunalari, elektr skuterlar uchun akkumulyator, litiy batareyasi, lazer bilan kesish uskunalarini ishlab chiqarishni boshlash vazifasi qoʻyildi.

O‘zA