Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Mamlakatimiz elektrotexnika eksportining to‘rtdan birini mis sim va prutok kabi qo‘shilgan qiymati past tovarlar tashkil qilayotgani qayd etildi.

Bizdagi kabellarning 80 foizi qurilish va maishiy maqsadlarda ishlatilayapti. Avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz 4 tani tashkil qiladi, xolos.

Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi.

Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi.

Mutasaddilarga aniq loyihalar uchun tayyor binoni qurib, sanoat ipotekasi shartlarida tadbirkorlarga berish topshirildi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda solig‘idan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Umuman, joriy yilda chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60 foizga, kelgusi yilda 75 foizga olib chiqish, 1 tonna misdan qo‘shilgan qiymatni 1 ming dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zA