Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonib, terma jamoamiz hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochimiz Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezidentimiz o‘z nomidan va barcha yurtdoshlarimiz nomidan sportchilarni samimiy qutlab, bu zafarlar eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik kuniga munosib sovg‘a bo‘lganini ta’kidladi. Paralimpiyachilarimiz murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatayotgan yuksak mahorat va metin iroda butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ruhlantirayotgani qayd etildi.

Yurtboshimiz yigitlarning murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirib, kecha sovrindor bo‘lgan sportchilarimizga ham salom va tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

Chempionlar har bir chiqishda davlatimiz rahbari va xalqimiz qo‘llovini his etganlarini ta’kidlab, yurtimizda paralimpiya harakati rivojiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan sharoitlar uchun rahmat aytdilar.

O‘zA