Mustaqilligimizning 33 yilligi shodiyonalari Respublikamiz bo‘ylab Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va bo‘linmalarda keng nishonlanmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida o‘z jangovar-xizmat vazifalarini bajarayotgan sarhadlarimiz posbonlari va ularning oila a’zolari ham bu yilgi bayramni yangi harbiy shaharchada o‘zgacha quvonch va hayajonli lahzalarga boy tarzda kutib olmoqdalar.
Ularga munosib tuhfa sifatida foydalanishga topshirilgan yangi binolarning ochilish marosimida Chegara qo‘shinlari mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etdilar. Tadbir davomida, bugun milliy armiyamiz qudratini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar e’tirof etilib, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi bevosita harbiylarning ijtimoiy himoyasi bilan uzviy bog‘liq ekanini inobatga olgan holda, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va munosib xizmat hamda turmush sharoitlarini yaratish masalasi sohadagi yangilanishlarning bosh omili sifatida namoyon bo‘layotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, ayni damda foydalanishga topshirilayotgan Chegarani qo‘riqlash vzvodi ma’muriy binosida ham harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan xizmat xonalari, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarning hayoti hamda harbiy mahoratidan hikoya qiluvchi xonalar, jismonan chiniqishlari uchun sport zali, kutubxona va tibbiyot punktining mavjudligi, yuqoridagi fikrlarning amaldagi ifodasi ekani ta’kidlandi.
Samimiy tilaklar-u qutlovlar bildirilganidan so‘ng, shaharcha hududida elparvar o‘g‘lonlar va ularning oila a’zolari uchun barpo etilgan yangi, zamonaviy xizmat xonadonlarining kalitlari o‘z sohiblariga topshirildi.
– Bugun biz uchun qo‘shaloq bayram. Istiqlolimizning 33 yillik shodiyonasi arafasida oilamiz bilan birga yangi xizmat xonadonining kalitini tantanali tarzda qabul qilib oldik. E’tirof etish joizki, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni boshchiliklarida olib borilayotgan samarali islohotlar natijasida, eng chekka, olis hududlarda joylashgan harbiy qism va bo‘linmalarimizning ham infratuzilmasi, moddiy-texnik ta’minoti tobora takomillashib bormoqda. Bu esa albatta, bizga o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinki ruh va kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Fursatdan foydalanib, safdoshlarim va oilam nomidan yurtboshimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz, – deydi I darajali serjant Elbek Tursunov.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘lanayotgan, har bir fuqaroning o‘z hayotidan mamnun bo‘lib, baxtli hayot kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilayotgan jonajon yurtimizda, sarhadlarimiz himoyachilari bunday yuksak e’tibordan ruhlanib, yangi-yangi zafarlar sari olg‘a qadam tashlashlari, shubhasiz.
Mayor Farida Bobojonova
DXX Chegara qo‘shinlari