Mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida muhim loyihalar, ta’lim va tibbiyot maskanlari, infratuzilma inshootlari foydalanishga topshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni poytaxtimizdagi shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari 2021 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining eski binosini borib ko‘rgan, sohada sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Sohada davolash samaradorligini oshirish uchun ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasa sifatida ajratildi. Onkologik shifoxonalar uchun qo‘shimcha 22 ta nur terapiyasi uskunasi olib kelindi. Kimyo terapiyasi vositalariga ajratilayotgan mablag‘ 11 barobar oshirilib, 13 million dollarga yetdi. 250 ga yaqin yangi tekshirish va davolash usullari viloyat va tuman darajasiga tushirildi.
Prezident qarorida Respublika onkologiya markazi uchun yangi majmua qurilishi ham belgilangan edi. Uning loyihasi Janubiy Koreyaning shu sohadagi klinikalari tajribasi asosida ishlab chiqildi. Uch yil davomida puxta ish olib borilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi yonidagi 5 gektardan ziyod maydonda zamonaviy shifoxona barpo etildi.
Yangi majmua 9 ta inshootdan iborat bo‘lib, asosiy binolar 8 qavatli. Ularda shifokor va bemorlar uchun kerakli sharoitlar inobatga olingan. 1-qavatda poliklinika va tashxis uskunalari, 2-qavatda laboratoriya, statsionar, reanimatsiya va jarrohlik xonalari, yuqori qavatlarda palatalar joylashgan. Yerosti qismida radioterapiya, yadro tibbiyoti bo‘limi, xo‘jalik xonalari bor.
Avvalgi shifoxona 370 o‘rinli edi. Yangi markazda 650 ta statsionar va 80 ta kunduzgi o‘rinlar tashkil etildi. Shuningdek, bir kunda 500 nafar bemor ambulator sharoitda davolanishi mumkin.
Davlatimiz rahbari markazdagi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
– Biz ta’lim va tibbiyotga alohida e’tibor berayapmiz. Chunki odamlar bilimli bo‘lib, sog‘lom bo‘lsa, o‘z yo‘lini topadi. Bu markaz ham shunday ishlardan biri. Bu loyihaga 1,2 trillion so‘m ajratib, “noldan” qurdik. Barcha onkologiya shifoxonalarini jihozlashga 80 million dollar yo‘naltirildi. Endigi asosiy vazifa – xodimlarni o‘qitib olish, samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markazda Yevropa va AQSH standartlari asosida tashkil etilgan 17 ta yangi klinik bo‘lim, 18 ta jarrohlik xonasi, 42 ta reanimatsiya va intensiv terapiya xonalari tashkil etilgan. Ular jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnikalar bilan jihozlandi.
Masalan, Siemens kompaniyasining MAGNETOM Altea rusumli magnitli tomografi sun’iy intelektdan foydalanib, ish jarayonini avtomatlashtiradi. Fuji kompaniyasining Senaria kompyuter tomografi kam dozali nurlanish va yuqori sifatli tasvir bilan bexato tashxis qo‘yadi. Shuningdek, 128 va 256 o‘lchamli multispiral tomograflar juda yupqa kesimlarda eng kichik o‘smalarni ham aniqlash imkonini beradi. Bular avval qo‘llanilganidan 8-16 barobar kuchli.
Bunday zamonaviy texnikalarni ishlatish uchun yuzga yaqin mutaxassis 8 ta xorijiy davlatda malaka oshirib qaytdi. Yurtimiz bo‘ylab 1 ming 200 nafar onkolog chet elda o‘qitiladi.
Jarrohlik bo‘limida yiliga 6 mingta yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazish imkoniyati bor. Jumladan, juda dolzarb bo‘lgan suyak ko‘migi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi uskunalar yordamida ko‘z, halqum va qizilo‘ngach qismi o‘smalarini kesmasdan olib tashlash mumkin. Qovuq o‘smalari kam invaziv usulda bartaraf etiladi. Bularning samarasida bemorlar tezroq tuzalib, 3-5 kunda uyiga qaytishi mumkin.
Intensiv terapiya bo‘limida har bir yotoq o‘rni yurak monitorlari, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari va boshqa zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Nur bilan davolash uchun ilk bor yadroviy tibbiyot bo‘limi ishga tushirilmoqda. U 9 ta bunkerdan iborat bo‘lib, birida to‘xtalishlar yuz bergan taqdirda ham boshqalariga o‘tkazilishi natijasida muolaja uzluksizligi ta’minlanadi. Chiziqli tezlatkichlarda nur bilan davolashning VMAT, SMAT kabi yangi usullari tatbiq qilinadi.
Ambulator kimyo terapiya 72 nafar bemorga mo‘ljallangan. Yangi infuzomat uskunalari olib kelingani natijasida bu davo osonlashadi va tezlashadi.
Prezident markazda ish jarayonini raqamlashtirish, bemorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
– Eng asosiy topshiriq – raqamlashtirish. Odamlar sarson bo‘lmasin, navbatda turib qiynalmasin. Bu markaz faqat Toshkent uchun emas, uni hududlardagi 15 ta shifoxona bilan shunday bog‘lash kerakki, bemorlar o‘zining kelish vaqtini, doktorini oldindan bilsin. Buning uchun sun’iy intellektni kengaytirib, inson omilini kamaytirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Markaz o‘zining hududlardagi filiallari bilan yagona elektron platformaga ulanadi va respublikada “kanser-registr” tizimi ishga tushiriladi. Buning natijasida nazoratda turgan barcha onkologik bemorlar haqidagi ma’lumotlar yaxlit ko‘rinib turadi.
Shu yerda Dmed yagona tibbiyot tizimi haqida ham axborot berildi. U shu yil yakunigacha Toshkentda to‘liq ishga tushiriladi. Keyinchalik butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etiladi.
Onkologiya markazida ilm va amaliyot uyg‘unligiga katta e’tibor qaratiladi. Pozitron emission va yagona fotonli emission kompyuter tomografiyasini qo‘llash bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. O‘smalarning molekulyar-genetik diagnostikasi asosida tadqiqotlar olib borilib, personallashtirilgan target va immunoterapiya davo usullari klinik amaliyotga tatbiq etiladi.
Umuman, yangi uskunalar va sharoitlar natijasida markazda o‘sma kasalliklarini erta aniqlash hamda davolash samaradorligi bir necha barobar oshadi. Bu, pirovardida, o‘lim holatlarini kamaytirish, insonlarni sog‘aytirib, umrini uzaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu tibbiyot turizmiga ham manba bo‘ladi.