–Bugun hayot, zamon keskin shiddat bilan o‘zgarmoqda. Mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, mamlakatimiz barcha sohalarda dadil oldinga bormoqda. Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotiga, albatta, mana shunday ulkan g‘alabalar yarashadi.
Shu ma’noda, sizlar Parijda erishgan natijalaringiz bilan o‘z nomingizni milliy sportimiz tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qo‘ydingiz.
Sizlar xalqimiz qalbidagi milliy g‘urur tuyg‘usini har tomonlama yuksaltirdingiz. Eng muhimi, bunday porloq g‘alabalar el-yurtimizni ruhlantiradi, yanada birlashtiradi. Ular yoshlarimiz uchun mardlik va matonat, ibrat va shon-sharaf maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Hech shubhasiz, bu olamshumul yutuqlarda siz, aziz sportchilarimiz bilan birga talabchan va fidoyi ustoz-murabbiylar, mutaxassis va mutasaddilar, sizlarga chin dildan omad tilab turgan butun xalqimizning hissasi ham beqiyosdir, – dedi Prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
O‘zA