2018 yilda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylar qurish dasturlarini samarali amalga oshirish, aholining shinam turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, fuqarolarning farovonlik darajasini yanada oshirish va turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Qishloq qurilish bank” ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB, Xalq banki ATB, “Asaka” ATB va “O‘zsanoatqurilishbank” ATBlarining (keyingi o‘rinlarda ishtirok etuvchi tijorat banklari deb yuritiladi) 2018 yil 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlarini:
a) qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon
uy-joylar qurish uchun uy quruvchilarga dastlabki badal:
0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun – 10 foiz miqdorida;
0,04 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli
4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun – 25 foiz miqdorida bo‘lishini nazarda tutgan holda;
b) shaharlarda yosh oilalarga, eski uylarda yashovchilarga va turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdorini amaliyotga joriy etgan holda, arzon ko‘p kvartirali uylarni o‘rtacha 15 foiz miqdoridagi dastlabki badal bilan sotib olish uchun berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari bo‘yicha turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun arzon uylar qurish uchun 20 yil muddatga, jumladan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 3 foiz stavkali 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan va keyingi davrda ishtirok etuvchi tijorat banklarining yillik 4 foiz miqdoridagi marjasi chegirib tashlangan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida, kredit liniyasi mablag‘larini Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida uy-joylar qurishga maqsadli yo‘naltirgan holda milliy valyutada kredit liniyalari ochsin;
ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlarni hisobga olgan holda, qishloq joylarda uy-joylar qurishni moliyalashtirish uchun 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi:
shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish doirasida “O‘zbekistonning ipoteka bozorini kengaytirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki bilan bir oy muddatda muzokaralar olib borsin;
Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda aholi bilan muloqot natijalariga ko‘ra aniqlangan qo‘shimcha uy-joy hajmlarini shakllantirish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida qo‘shimcha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylar qurishni moliyalashtirishga doir takliflar kiritsin;
2018 yil oxirigacha ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda qishloq joylarda uy-joylar qurilishini moliyalashtirish sohasida xalqaro moliya institutlari (Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi) bilan tuzilgan qarz bitimlariga o‘zgartirishlar kiritish choralarini ko‘rsin.
4. Keyinchalik “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJning yillik 5 foizdan yuqori bo‘lmagan stavkasi bo‘yicha kredit liniyasi ochilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining “Qishloq qurilish bank” ATB depozitiga yillik 3 foiz stavka bo‘yicha joriy yil 1 noyabrgacha joylashtiriladigan 210 milliard so‘m miqdoridagi vaqtincha bo‘sh mablag‘lari import yog‘och-taxta materiallar va tom yopish uchun temir listlarni xarid qilish manbai etib belgilansin.
5. “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ ishtirok etuvchi banklar bilan birgalikda:
Islom taraqqiyot bankining kredit liniyalari bo‘yicha “Qishloq qurilish invest” IK” MCHJ hisob raqamlarida jamlangan, 2015-2017 yillarda shakllantirilgan uy quruvchilarning dastlabki badallarini ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo‘naltirsin;
har yarim yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga avval aholiga ajratilgan kreditlar muddatidan oldin qoplangani to‘g‘risida axborot kiritsin va vazirlik bilan kelishgan holda ushbu mablag‘larni uy-joylar qurishga yo‘naltirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018 yil 18 iyul