Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbus doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli bunyodkorlik va ma’rifatparvarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Tashabbusning to‘rtinchi yo‘nalishi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishdan iborat ekani ham buni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda ushbu ezgu tashabbus samarasi hayotimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yurtimizda xayrli ishlarga qo‘l yurilayotgani sabab kitobxonlar soni ko‘payib tobora ortib bormoqda. Qo‘ng‘irot tumani Yoshlar markazida “Termiziylar kutubxonasi” ochilgani xayrli ishlarning natijasidir.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongi, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatan va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlikning ahamiyat haqida so‘z yuritdi.
Kutubxonaga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mingdan ziyod, surxondaryolik tadbirkor Islom Xudoyberdiyev tomonidan esa uch mingdan ziyod tarixiy, siyosiy va badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Olti mingdan ortiq kitob fondiga ega bo‘lgan ushbu ziyo maskanining foydalanishga topshirilishi tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.