Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida tashkil etilgan o‘tovlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.
Bu haqda davlatimiz rahbari 2022 yilda hududga tashrifi chog‘ida ko‘rsatma bergan edi. Shu asosda ellik gektardan ortiq maydon yanada obod qilinib, ko‘plab o‘tovlar barpo etildi. Eng katta o‘tovning diametri 42, balandligi 22 metr. Unda ma’muriyat, oshxona va boshqa xonalar mavjud. Bu yerda turli madaniy tadbirlar, forumlar o‘tkazish mumkin.
Majmuada qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirg‘iz, boshqird kabi turkiy xalqlarning hamda Qoraqalpog‘iston tumanlarining o‘tovlari tashkil etilgan. Ularda qardosh ellarimiz tarixi, madaniyati va turmush tarzi o‘z ifodasini topgan.
Prezident ushbu o‘tovlarni kirib ko‘rdi.
– Bizning tomirimiz, taqdirimiz bir. Mana shunday ishlarni ko‘paytirib, birgalikda festivallar o‘tkazib, xalqlar do‘stligini yanada mustahkamlash kerak. Milliy hunarlarni asrab, yosh avlodga yetkazish, bu bo‘yicha shogirdlar tayyorlash, bolalar uchun o‘z ona tilida kitoblar chiqarishni kengaytirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bog‘da sun’iy ko‘l, orolcha va mehmonxona ham bor. Bular qisqa davrda mazkur maskanni turizm manzillaridan biriga aylantirdi. O‘tovlar, milliy kiyim va buyumlarga sayyohlar katta qiziqish bilan qaramoqda.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.