Aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularning murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish barcha soha va tarmoq rahbarlarining doimiy ish uslubiga aylanib bormoqda. Bu esa “Inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun”, degan ezgu tamoyil asosida xalqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi bilan birgalikda Nukus shahrida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda 100 nafardan ziyod jismoniy va yuridik shaxs vakili ishtirok etdi.  IT ta’lim, radio televideniye, telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha murojaatlar tinglandi.

O‘tkazilgan qabulda bir necha yillardan buyon o‘zining yechimini topmayotgan muammolar joyida ijobiy hal etib berildi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida sayyor qabul o‘tkazilayotgan maskanda mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, telekommunikatsiya xizmatlariga joyida ulanish imkoniyati yaratildi.

Muloqotda aholi vakillari Raqamli texnologiyalar vazirligining qisqa – 1199 raqamli ishonch telefoniga doimo murojaat qilishi mumkinligi alohida ta’kidlandi.

N.Rahmonova,

O‘zA