Shu kunlarda Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan «Abu Dhabi Chess Festival 2024» turnirining “Masters” guruhida dunyoning bir qator nomdor shaxmatchilari qatori o‘zbekistonlik 11 nafar shaxmatchi ham g‘oliblik yo‘lida dona surmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 63 ming 600 AQSH dollardan iborat turnirning ortda qolgan 3-turidan so‘ng Nodirbek Yoqubboyev yuz foizlik natija bilan musobaqada FIDE bayrog‘i ostida o‘ynayotgan Volodar Murzin bilan peshqadamlik qilmoqda.

Bugun, 19 avgust kuni xalqaro turnirning 4-turida aynan ikki yetakchi shaxmatchi kuch sinashadi.

Turnirning 3-tur sarhisobiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Yoqubboyev ushbu turda qora donalarda hindistonlik Harikrishanni mag‘lubiyatga uchratdi, Javohir Sindorov oq donalarda italiyalik Alberto Barp (2452)dan ustun keldi. Bahrom Bahrillayev (2344) qora donalarda kolumbiyalik grossmeyster Xose Kardoso (2507)ni taslim etdi. Bahrillayev 2,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 11-o‘rindan joy olgan. Shamsiddin Vohidov (2643) ham g‘alabaga erishdi. Yosh grossmeysterimiz qora donalarda hindistonlik Ajay Santoshni yengdi. Bu turda Ortiq Nig‘matov, Abdumalik Abdusalimov va Afruza Hamdamova raqiblari bilan durangga kelishdi. Yosh shaxmatchilarimiz Muhiddin Madaminov, Muhammadzohid Suyarov, Saidakbar Saydaliyev va Humoyun Begmuratov imkoniyatni boy berdi.

Musobaqalar 25 avgustga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA