Senat yalpi majlisida Suv xo‘jaligi vazirligining suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohani boshqarish mexanizmlarini hamda qonunchilik bazasini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Senat suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, sohaning qonunchilik bazasini mustahkamlash vazifalari ijrosiga alohida e’tibor qaratgan.
Xususan, suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida 11 ming 446 suv xo‘jaligi ob’ektida «Aqlli suv», 6 ming 953 tasida «Dayver» hamda 1 ming 709 nasos stansiyasida «onlayn» nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilgan.
Shuningdek, 67 yirik suv xo‘jaligi ob’ekti to‘liq avtomatlashtirilgan.
Raqamli texnologiyalarni qo‘llash, 400 ming gektardan ortiq maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish natijasida joriy yil birinchi yarim yilligida 2 milliard metr kubdan ziyod suv tejalgan.
Respublika bo‘yicha klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 10 ming 540 km. ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilgan, shuningdek, 34 ming 885 km. kanal, ariq va lotoklar tozalangan.
Sohada «suvkredit.uz» platformasi joriy qilinib, jami 134,3 ming gektar maydonda tomchilatib, yomg‘irlatib va diskret usulda sug‘orishni joriy qilish uchun 2 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga «Chordara» suv omboridan 871 million metr kub hamda boshqa manbalardan 300 million metr kub chuchuk suv tashlanishi natijasida uning ekologik holati barqarorlashmoqda.
«Suvchilar maktabi» tashkil etilib, 70 mingga yaqin tinglovchi o‘qitilishi ta’minlangan hamda «Suv loyihalari markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi qayd etilib, mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Jumladan, iqlim o‘zgarishi omillarini inobatga olib, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini chuqur xatlovdan o‘tkazish, nisbatan arzon va tez amalga oshiriladigan innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda kanallarni betonlashtirishni tezlashtirish, qishloq xo‘jaligida suv kam talab qiluvchi, iqtisodiy samarador bioagrotexnologiyalarni, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligida suv sarfini qisqartirish, irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklarni bartaraf etish, umumiy suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish, jamoatchilikka «suv tekin emas» g‘oyasini singdirish ishlariga e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Muhokamadan so‘ng ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N. Abduraimova,
R.Nazarmatov (surat), O‘zA