Madaniyat vazirligi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali respublika ko‘rik-tanlovida bu savolga oydinlik kiritdi.
Madaniyat vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida o‘tkazilgan tanlovda yurtimizning turli hududlaridan 60 nafarga yaqin yosh ijodkor ishtirok etdi.
Tanlov tashkilotchilarining qayd etishicha, asosiy maqsad bu yilgi festivalda mamlakatimiz vakili sifatida qatnashadigan yosh ijrochilarni aniqlash edi.
Yoshlarning chiqishlari yurtimizning taniqli qo‘shiqchi va bastakorlari, musiqashunoslari tomonidan to‘rt yo‘nalish bo‘yicha baholandi.
“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlab kecha o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur tanlov hay’ati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Qo‘ziyev tanlov ishtirokchilari haqida o‘z fikrlarini bildirib, qatnashchilar orasida iste’dodli qo‘shiqchi va sozandalar, yaxshi guruhlar ko‘pligini ta’kidladi. Xususan, “Maqom bend” guruhi, buxorolik qo‘shiqchi Gulchiroy Baxshilloyeva, naychi Toshtemur Shukrullayev nomini alohida qayd etdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin “Maqom bend” jamoasi va O‘zbekiston davlat simfonik orkestr qoshidagi milliy mumtoz ansambliga berildi. Professional (klassik) darajadagi xalq qo‘shiqlari yo‘nalishida esa Navoiy viloyati vakili Sherzod Mardonov g‘olib bo‘ldi. Zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qo‘shiq yo‘nalishlarida g‘oliblik O‘zbekiston davlat simfonik orkestr qoshidagi milliy mumtoz ansambli naychisi Toshtemur Shukrullayev va Buxoro viloyati vakili Gulchiroy Baxshilloyevalarga nasib etdi. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan yoshlar ham munosib rag‘batlantirildi.
Tanlovda birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchilarga “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun yo‘llanma berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri