Sun’iy to‘siqlar deganda harakat tezligini kamaytirishga majburlash uchun yo‘lning qatnov qismida maxsus tashkil etilgan balandliklar tushuniladi.

Ko‘p qavatli uylar atrofi, mahallalarda, ayniqsa maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinida sun’iy to‘siqlarni ruxsatsiz o‘rnatish (beton, asfalt yoki plastmassadan yasalgan tezlikni pasaytirish uchun foydalaniladi) keng tarqalgan. Aholi  piyodalar, bolalarni mashina urib yuborish xavfi bo‘lgan joylarda avtomobillar tezligini pasaytirish  maqsadida o‘zlari ravon yo‘llar ustiga sun’iy to‘siqlar o‘rnatadi va muhofaza choralarini ko‘rishga urinadi.

Aslida mavjud qonunchilikka asosan, avtomobil yo‘l qismiga ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanadi.

– Toshkent shahar IIBB va Toshkent shahar hokimiyati bilan hamkorlikda poytaxtdagi mahallalarda mahallabay tizimida o‘rganishlar olib borilmoqda, – deydi Toshkent shahar IIBB  Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Qahramon Xudayberganov. – Ayrim holatlarda mahalla aholisi yashash manzillarini sun’iy to‘siqlar yoki betonlar bilan to‘sib tashlaganiga guvoh bo‘lyapmiz. Avtomobillar harakatlanishi uchun maktablar va bolalar bog‘chalarida tezlik 30 km/soat, aholi turar joylarida 20 km/soat etib belgilangan.

Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda reyd tadbirlari tashkil qilinmoqda. Bu to‘siqlar favqulodda sodir bo‘ladigan vaziyatlarda, tez yordam mashinalari va yong‘inni o‘chiruvchi texnikalar harakatlanishiga xalal berishini unutmaslik kerak. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, yashash manzillarda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish qat’iyan man etiladi. Bundan tashqari avtomobillarni o‘tish yo‘laklarining ustiga yoki yon qismiga qoldirish holatlari ham ko‘p uchramoqda. Bu shu hududda istiqomat qiluvchilarning harakatlanishiga xalal beradi. To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish bo‘yicha ham choralar mavjudligini eslatib o‘tmoqchiman.

Hozirda joylarda yosh bolalar va piyodalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida piyodalar yo‘laklari va velosiped yo‘laklari barpo qilinmoqda. Shuningdek, uch oyoqli radar moslamalarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 2024 yilning 7 oyi davomida poytaxt ko‘cha va yo‘llariga 2 ming 88 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan. 900 ta yaroqsiz holga kelgan yo‘l belgisi almashtirilgan, 966 ta yo‘l belgisi qayta tiklangan. 208 ta svetofor o‘rnatilgan,  584220.7 kv.m yo‘llarga maxsus chiziqlari chizilgan,  29218 kv.m yo‘l qatnov qismi ta’mirlangan, 1 ming 84 ta piyodalar o‘tish joyi qayta tiklangan.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA