Saylov barchani jamiyat miqyosida fikrlashga, keng qamrovli tashabbuslar haqida mushohada yuritishga undaydigan juda muhim jarayondir. Imzo yig‘ish – saylovda qatnashishning eng muhim talablaridan biri bo‘lib, saylov kampaniyasining boshlang‘ich pallasi hisoblanadi.
Partiyaning saylovda qatnashish bo‘yicha imzo yig‘ish jarayonlari Orolbo‘yi mintaqasida uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Navbatdagi jarayon partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi binosida tashkil qilindi. Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, deputatlar, xotin-qizlar, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek bu yilgi saylovlar mutlaqo yangicha aralash saylov tizimida bo‘lib o‘tadi. O’zLiDeP partiyasi o‘zining yangi strategiyasi bilan aholi ichiga kirib borishni maqsad qilgan. Ya’ni “Va’da emas natija, ertaga emas bugun” shiori ostida g‘oyasi ilgari surilmoqda.
– O’zLiDePning saylovda qatnashishi biz kabi tadbirkorlar uchun katta imkoniyat – deydi tadbir ishtirokchisi, “MUINAK TOUR” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, tadbirkor Amina Bekjanova. – O‘zim ham tadbirkorlikning aynan turizm sohasida faoliyat yuritib kelaman. Chunki partiya o‘tgan yillar davomida men kabi ishbilarmonlarning qalqoniga aylangan. Xususan, soliq va bojxona bojlarini kamaytirishda partiyaning xizmatlari beqiyos. Shu bois partiyaning bo‘lajak saylovlarda qatnashishi uchun imzo berdim.
Imzo yig‘ish jarayonida saylovchilar partiya g‘oyalari bilan qiziqib, erishgan yutuqlari yuzasidan fikr mulohazalar bildirmoqda. Ushbu jarayonda qoraqalpog‘istonlik saylovchilar partiya maqsad va vazifalarini yoqlab, fuqarolik pozitsiyasini imzo varaqalarida namoyon etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.