Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari tantanali kutib olindi.

…Toshkent xalqaro aeroporti har doimgidan ham gavjum. Bu yerda qo‘llarida dasta-dasta gul ko‘targan go‘zal qizlar, yurt bayrog‘ini ko‘targan yigitlar, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan nuroniylar, Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lgan.

Biz qalbida quvonch va iftixor hissi jo‘sh urgan, o‘g‘lining tarixiy natijasi ila faxrlangan, farzandi bilan bo‘lajak diydor onlarini intiqlik bilan kutayotgan Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Yoqubovani suhbatga tortdik:

– Ochig‘i o‘g‘limning har qanday g‘alabasini katta hayajon bilan qabul qilaman. Hozir ham hayajonlanyapman, etim jimirlab ketyapti, o‘g‘lim Olimpiadaning ikki karra chempioni bo‘ldi, – deydi Sabohat opa. – O‘g‘limning g‘alabasi butun O‘zbekiston xalqini ruhlantirib yubordi. Bahodirning Vatanimiz dovrug‘ini olam uzra tarannum etayotganidan, el-yurtimizga xizmat qilayotganidan faxrlanaman. Uning g‘alabasi mamlakatimizda sportga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi yorqin ifodasidir.

…Soat 21:10. Sportchilarimizni olib qaytayotgan maxsus avialayner Toshkentga qo‘ngani e’lon qilindi. Orziqib kutilgan lahzalar yetib keldi. Butun dunyo nigohi qadalgan Parij sport arenalarida O‘zbekiston nomini sharaflagan sportchilarimiz davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda yurtimiz zaminiga qadam qo‘ydi. Karnay-surnay sadolari yangradi. Lobar qizlar ularga gullar taqdim etdi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Norboyeva va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodning jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan sharoitlar yuksak samara berayotganini alohida ta’kidladi. Xalqaro sport olamida yangi sahifa ochgan olimpiyachilarimizni yuksak g‘alabalar bilan tabrikladi.

G‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘zga chiqqan boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining ikki karra mutlaq chempioni Hasanboy Do‘smatov va oltin medal sohibi Diyora Keldiyorova bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimiz va xalqimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Kelgusida bundan-da yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishga va’da berdi.

Qahramon sportchilarimizning ota-onalari nomidan boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioni, oltin medal sohibi Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Yoqubova, taekvondo bo‘yicha Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitovning onasi Oksana Danilenko so‘zga chiqib, barcha sportchilarimiz va yurtdoshlarimizni qutladi.

Shundan so‘ng, Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga eng ko‘p medal taqdim etgan boks bo‘yicha terma jamoamiz bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev erishilgan olamshumul natijalar, sportchilarimizning tarixiy g‘alabalari xususida to‘xtaldi.

– Bizni bunday katta tantana bilan kutib olishganidan xursandmiz, – deydi XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi Svetlana Osipova. – Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik kelajakda yanada yuksak muvaffaqiyatlarga erishishimizda quvvat bo‘ladi.

– Yoshlarga yuksak ishonch bildiradigan, biror nufuzli musobaqaga ketsa, tantanali kuzatib, bayram qilib kutib oladigan mamlakat barmoq bilan sanoqli. Jonajon O‘zbekistonimiz doimo bizni a’lo kayfiyatda kutib oladi. Hozir quvonchdan o‘zimga sig‘may ketyapman. Hammasi uchun rahmat, – deydi XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ikki karra g‘olibi Ulug‘bek Rashitov. – Olimpiada nafaqat men uchun, balki butun terma jamoamiz uchun omadli bo‘ldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid g‘oliblarga bag‘ishlab she’r o‘qidi.

Olimpiada g‘olib va sovrindorlari, ishtirokchilari, ularning ota-onalari va yaqinlari usti ochiq avtobusga o‘tirib, ketma-ket yo‘lga chiqdi. Muzaffar sportchilarimizni kutib olish uchun yig‘ilganlarning adog‘i ko‘rinmaydi. Ular yo‘l chetida turnaqator tizilib, sportchilarimizni qo‘llaridagi bayroqchalarni o‘ynatgan holda tarixiy g‘alaba bilan qutlaydi. Cheksiz iftixorga to‘la hayqiriqlar, olqishlardan etingiz jimirlab ketadi.

“Parij – 2024”da Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilgan sportchilarimiz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga yetib keldi. Karnay-surnay sadolari yangradi. Yorqin g‘alabalari bilan butun xalqimizni xushnud etgan sportchilarimizga zar to‘nlar kiydirildi. Shuningdek, g‘olib va sovrindor sportchilarga Prezident sovg‘alari – “Chevrolet Tahoe”, “BYD Song Plus Champion (605 km, Flagship)” va “BYD Song Plus Champion (150 km, Flagship) avtomobillari, xonadon kalitlari va pul mukofotlari topshirildi.

Mutlaqo yangicha asosda bunyod etilgan ta’lim-tarbiya, sport va madaniyat maskanlarida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil fikrlaydigan, O‘zbekistonning buyuk kelajagini o‘z kuch-quvvati, aql-zakovati bilan quradigan yosh avlod kamol topmoqda. Ular nufuzli xalqaro musobaqalarda, Olimpiada va jahon chempionatlarida O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini amalda isbotlayotgani barchamizni quvontiradi.

“Parij – 2024”da g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimizning aksariyati 20-25 yoshda. Ular mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan, istiqlol inshootlarida shug‘ullangan. Yoshlarimizning g‘alabasini kuzatar ekansiz, ta’lim-tarbiya va sport sohalarida amalga oshirilgan ishlarning yorqin samarasini ko‘rasiz. Buni sportchilarimizning birgina yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki misolida ham ko‘rish mumkin. E’tibor bersangiz, yurtimizning olovqalb sportchilari yozgi Olimpiya o‘yinlaridan hech qachon medalsiz qaytmagan.

1996 yil Atlantada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz bittadan kumush va bronza medali, 2000 yil Sidneyda bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza, 2004 yilgi Afina Olimpiadasida ikki nafar sportchimiz oltin, bir nafari kumush, uch nafari bronza, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida 1 oltin, 2 kumush, 3 bronza, 2012 yilgi London Olimpiadasida bitta oltin, ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan. “Rio – 2016”da 4 oltin, 2 kumush, 7 bronzaga sazovor bo‘lgan olimpiyachilarimiz Tokio Olimpiadasida 3 oltin va 2 bronza sohibi bo‘ldi. Bu galgi Olimpiya o‘yinlarida esa 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 bronza medaliga ega bo‘lgan sportchilarimiz Mustaqilligimizning 33 yilligiga munosib tuhfa tayyorladi.

Yana bir fakt. “Parij – 2024”da dunyoning 206 davlatidan 10 ming 714 nafar sportchi qatnashdi. Ular orasidan 84 davlat sportchilarigina shohsupaga ko‘tarildi. Oltin medalni qo‘lga kiritganlar yanada kam – 62 ta. O‘zbekiston sportchilari esa 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 bronza jami 13 medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi Osiyoda to‘rtinchi, MDH davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.

Bokschilarimiz 5 ta oltin bilan Xitoy, Xitoy Taypeyi, Jazoir, Kuba, Irlandiya, Qozog‘iston, Ukraina, Fransiya, Ispaniya, Turkiya, AQSH va Ozarbayjon kabi boks eng rivojlangan davlat sportchilarini ortda qoldirdi.

Prezidentimizning “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning ushbu nufuzli musobaqada yuksak natijalarni qayd etishida muhim dasturilamal bo‘ldi.

XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg), Ulug‘bek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg), Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg), Hasanboy Do‘smatov (boks, -51 kg), Abdumalik Xalokov (boks, -57 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, -71 kg), Lazizbek Mullajonov (boks, -80 kg), Bahodir Jalolov (boks, +92 kg) oltin medalni qo‘lga kiritdi. Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, -102 kg), Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg) kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, -100 kg), Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg) va G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining eng muhim voqealari yurtimiz sport ixlosmandlari uchun dzyudo, taekvondo va boks musobaqalarida kuzatildi. Hamyurtimiz Diyora Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritib, dzyudo sporti tarixida yangi sahifa ochgani, taekvondo WT bo‘yicha ayollar o‘rtasida Svetlana Osipova kumush medalga sazovor bo‘lishi, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, taekvondochimiz Ulug‘bek Rashitov faoliyatida ikkinchi marotaba Olimpiada chempionligi shohsupasiga ko‘tarilishi mamlakatimiz sportining yangi zarvarag‘i bitilishini ta’minladi.

Xalqimizning cheksiz iftixoriga sabab bo‘lgan, barchamizni Vatan sha’ni yo‘lida jipslashtirgan “Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblik tantanalari Milliy olimpiya qo‘mitasida yakunlangan bo‘lsa-da, uning shukuhi, harorati, g‘oliblik shamoli endi sportchilarimiz istiqomat qilayotgan hududlarda, mahalla va xonadonlarda davom etadi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

Javohir TOSHXO‘JAEV, To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbirlari