Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Asosiy masalaga o‘tishdan avval Prezident yil boshida yaratilgan aholini band qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimi – Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalarining ijrosini tahlil qildi.
Bu borada yaxshi natija ko‘rsatayotgan tumanlar ko‘p. Lekin ayrim tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks rahbarlari bu islohotlarni to‘liq tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Uychi tajribasi asosida respublika bo‘yicha 500 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Lekin, 15 ta tuman va shahar rejasi 90 foizga yetmagan.
Yoki, Sayxunobod tajribasi asosida har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha qilish zarur. Bu orqali respublikada jami 132 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 242 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Biroq 26 ta tumandagi 46 ta mahallada nomigagina 1-2 ta mikroloyiha qilingani tanqid qilindi.
Bir oy oldin G‘ijduvon tajribasi asosida tuman hokimlariga 1 mingta mahallani o‘zida “tepaga o‘sadigan” (vertikal) sanoat binolari tashkil qilish topshirilgan edi. Lekin, birorta tuman hokimi hisob-kitob qilib, nechta loyiha qilishi va qancha ish o‘rni yaratishi bo‘yicha rejasini tasdiqlagani yo‘q.
Zarbdor tajribasi bo‘yicha rahbarlar ijro muddati 1 oktyabr, deb xotirjam yurganiga qat’iy e’tiroz bildirildi.
O‘zA